Yoshlarni bir manzilda jamlagan festival
31-may kuni Shahrisabz shahar Amir Temur xiyobonida joylashgan Amfiteatrda Toshkent davlat transport universiteti, Shahrisabz davlat pedagogika instituti, Qarshi davlat universiteti hamkorligida “Vatanning har qarich yeri muqaddasdir” shiori ostida “Yoshlar festivali” tashkil etildi.
Qashqadaryo viloyati o'zining mehmondo'st aholisi, qadimiy urf-odatlari, ko'p yillar davomida yashab kelayotgan hudud sifatida ajralib turadi, - deydi Qarshi davlat universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Ilxom Bekpulatov. - Mazkur festivalda asosiy e'tibor yurtimizda turizmni rivojlantirish, uning tarixiy maskanlari haqida qiziqarli kontentlar tayyorlash va madaniy me'rosini keng targ'ib qilish masalalariga qaratildi.
Festival doirasida talabalarning qo'l mehnati bilan tayyorlangan sopol buyumlar va rasmlar ko'rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, festivalning badiiy qismida Shahrisabz davlat pedagogika instituti hamda Qarshi davlat universitetining ijodkor talabalari tomonidan milliy kuy-qo'shiqlarimizdan tashkil topgan konsert dasturi namoyish etildi. Ahamiyatlisu, bayram dasturi Shahrisabz shahriga tashrif buyurgan xorijiy turistlarda ham katta qiziqish uyg'otdi.