Ma’naviyat rukni

27-Avgust 2024

EY AZIZ FARZAND!

SEN ILM DARGOHIGA QADAM QO‘YDING

                 Unutma, kamolotga erishuvda yagona najot yo‘li ilmdir. Shuning uchun ham ota-bobolaring ilm, kasb-hunar egallash yo‘lida olis, musofir yurtlarda uzoq yillar riyozat chekkanlar. Sen bu zahmatlardan bir qadar holisan. Chunki sen mustaqil, ozod va hur Vatan - O‘zbekiston farzandisan. Ona Vatan ilm olishing, komronlik kasb etishing yo‘lidagi mashaqqatlarning salmoqli qismini o‘z zimmasiga olgan. Bu mashaqqatlar hozirgidan bir necha barobar og‘irroq mehnatni talab qilganda ham Vataning, ota-onang, ustozlaring undan hech qachon bo‘yin tovlamas edilar. Zero Sen ularning umidi, jonajon, benazir yurtimiz mustaqilligining ravnaqi ishonib topshirilayotgan avlod vakilisan.

Hech qachon tushkunlikka berilma. Har qanday og‘ir vaziyatdan munosib chiqishning yo‘li bor. Faqat shu vaziyatni keltirib chiqargan sabablarni tahlil qila olsang bas. Bu yo‘lda sen birinchi daldani, avvalo, hamisha o‘zingdan olishni, faqat o‘z kuchingga suyanishni, o‘zingni ilhomlantirishni o‘rgan. 

Taningni salomat saqlashga intil. Unutma, sening jisming muqaddasdir, unga dahl qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Uni doimo pok, iffatda tut. Hali sen ko‘plab pok avlodlarning davomchisi bo‘lishing kerakligini aslo esingdan chiqarma.

Qat’iyatli, o‘zing va o‘zgalarga nisbatan talabchan bo‘l. Talabchanlik bo‘lmagan joyda hech bir ishda sifat ham, samara ham bo‘lmaydi. Mas’uliyat chekinadi.

O‘zgalar fikrini tinglashni o‘rgan. Iymonli insonlar, ustozlaring o‘gitlarini yuragingga qadab ol! Bu so‘zlar aslo shoirona so‘zlar emas, qalb bilan, hayajon bilan, ixlos bilan, umid bilan tiriklik tarovatlidir. Sen avvalo o‘zing ta’lim olayotgan dargohdagi sharqona fayz ijodkori bo‘l. Insoniylikka, ulug‘likka mustaqil parvozing shundan boshlansa ajab emas.

Mustaqil mutolaa, san’at, adabiyotdan boxabarlik kishi ma’naviyatini boyitadi. Hayotdan zavqlanishni, uni sevishni o‘rgatadi. Kitob bu yo‘lda eng birinchi ta’masiz do‘st, tuganmas shamchiroqdir.

Asrlar osha ota-bobolardan meros bo‘lib o‘tib qolgan, tabiatan qoningda bor tuyg‘ularingga ishon. Har ishda puxta va ehtiyotkor bo‘l. Sen saboq olayotgan shu mo‘jaz xonada ona, Vatan so‘zi ming-ming bor jarangladi va yana jaranglayveradi. Demak shu go‘sha sening sajdagohingdir. Unga darz yetkazmoq, nopok niyat bilan qadam qo‘ymoq, odobsiz so‘zlarni aytmoq mutlaqo mumkin emas, uvoldir!

O‘zingni ilm olish, kasb-hunar egallashga chog‘lar ekansan, avvalo irodangni mustahkamlab bor. Faqat irodali kishilargina muvaffaqiyat qozonishga qodirdirlar.

O‘zingni hech qachon aldama. Kuchli va ojiz jihatlaringni xolis baholashni o‘rgan. Buning uchun o‘zingga, qilayotgan ishlaringga, aytayotgan gaplaringga bir kunda hech bo‘lmasa bir marta chetdan nazar tashlash kifoya.

Vaqtdan unumli foydalana bil. Har bir kun, har bir saboq, har bir daqiqa qaytarilmasdir. Vaqt qadriga yetmasang, oltin davr hisoblanuvchi yillaring faqat arosat, yo‘qlik va yo‘qotishlar davri bo‘lib qolishi mumkin.  

Ona tilidan tashqari kamida ikki xorijiy tilni mukammal o‘rganishni o‘zing uchun farz deb bil. Ko‘plab chet tillarni bilish boshqa xalqlar diliga yo‘l topish, ko‘plab mushkullarni oson hal qilish bilan birga o‘z ona tiling haqidagi bilimlaringni mukammallashtirishga ham yordam beradi. Dunyo yangiliklariga ziyraklik bilan munosabatda bo‘lishga intil. Ona zaminda kechayotgan olamshumul voqealar uchun javobgarlardan birisan.

So‘z intihosida aytsak ham, so‘z boshida aytsak ham, takror aytsak  ham yaxshi so‘zning, yaxshilikning sababkori bo‘l. Ona tabiatni, uning jamiki jonzotlarini ayash senga yanada go‘zallik bag‘ishlaydi. Bu sening burching hamdir. Toki sen mevasidan bahramand bo‘lgan bog‘lar ertaga farzandlaring, nabiralaringga ham mo‘l-ko‘l hosilini hadya eta olsin.

Ey aziz farzand!

Yuqorida tanishganing fikrlar senga aslo begona emas. Ularni o‘zingniki qilib olsang, qayta-qayta o‘qishga va uqishga ehtiyoj seza bilsang, ular seni har gal izlanishga, nimadir yaratishga undashsa, o‘zingdan xayrli ishlar qoldirishga safarbar etishsa, demak

SEN YAXSHI ODAMSAN, IQTIDORLISAN!

Senga ishonish, umid bog‘lash, sendan ululg‘ ishlar kutish mumkin.

SENGA OMAD YOR BO‘LSIN!


Broshyuralar

  1. Abu Ali Ibn Sino
  2. Abu Muin Nasafiy
  3. Abu Rayxon Beruniy
  4. Ahmad Farg‘oniy
  5. Alisher Navoiy
  6. Bahouddin Naqshband
  7. Imom Buxoriy
  8. Imom Moturidiy 1
  9. Imom Moturidiy 2
  10. Imom Termiziy
  11. Mirzo Ulug‘bek
  12. Muxammad Xorazmiy

Bukletlar

  1. Alloh g‘azablangan toifalar
  2. Extremizm
  3. Internetdagi tahdidlar
  4. Internetdagi tahdidlaridan ogoh bo‘ling
  5. Missionerlik nima?
  6. Soxta salafiylar xatarlari
  7. “Hizbut-tahrir” fitnasidan ogoh bo‘laylik

Kitoblar

  1. Imom Termiziy 1
  2. Imom Termiziy 2
  3. Hakim Termiziy
  4. Ilm va odob saodat kalitidir
  5. Oilada farzand tarbiyasi
  6. Ota-onaga yaxshilik va ularning huquqlari
  7. Yoshlarni oilaga tayyorlash
  8. Ziyorat odoblari
  9. Internet madaniyatining 10 qoidasi
  10. Islom dinida tinchlik
  11. “Sahihi Buxoriy” hadislariga xalqchil sharhlar
  12. Sog‘lom e'tiqod – barqarorlik garovi
  13. "Sunani Dorimiy" kitobidan durdona hadislar

Sahifalar

Madaniy-ma'rifiy faoliyat
Ma’naviyat rukni
Ustuvor yo‘nalishlar