“Qashqadaryo viloyati hududida tarqalgan iste’molbop, dorivor qo‘ziqorinlar va ularni sun’iy ozuqa muhitlarida yеtishtirish texnologiyasini ishlab chiqish” nomli amaliy loyiha

10-avgust 2024

Loyiha rahbari: dots. Sherqulova Jamila Payanovna

Fan yo‘nalishi: Biotexnologiya va Mikologiya

Loyiha haqida ma’lumot:

Loyihaning dolzarbligi

Hozirgi kunda aholining sifatli, arzon, turli vitamin, oqsil, mikro va - makroelementlarga boy oziq-ovqat mahsulotlariga, shuningdek, tabiiy dori - darmon vositalariga bo‘lgan ehtiyojining oshib borishi kuzatilmoqda. Bu o‘rinda iste’molbop va dorivor zamburug‘lar еtishtirishda mahalliy sharoitlarga mos, ekologik jihatdan toza, kam xarajat, ilmiy asoslangan texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, yuqoridagi ehtiyojlarni qondirishda ma’lum darajada xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 9 sentabrdagi PQ-4821-son “Respublika oziq-ovqat sanoatini jadal rivojlantirish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘laqonli ta’minlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida" gi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 noyabrdagi
PQ-4901-son
“Dorivor o‘simliklarni еtishtirish va qayta ishlash, ularning urug‘chiligini yo‘lga qo‘yishni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Qarorlarida “.hududlarning mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslaridan unumli foydalanish asosida oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishning strategiya va modellarini ishlab chiqish, dorivor o‘simliklarni ilmiy asosda еtishtirish va qayta ishlash, ulardan oqilona foydalanishning yagona strategiyasini shakllantirish va amalga oshirish belgilangan.

Birinchidan, Qashqadaryo viloyati hududida makromitsetlar ayniqsa iste’molbop va dorivor zamburug‘larni o‘rganish bo‘yicha rejali mikologik tadqiqotlar olib borilmagan.

Ikkinchidan, iste’molbop yoki dorivor bo‘lishidan qat’iy nazar zamburug‘lar biomassasini еtishtirishda ularni sof (onalik) kulturalarini mavjudligi, ularni morfo-kulturual xususiyatlarini o‘rganish, doimiy yangilab turish muhim ahamiyatga ega. Bunda asosiy e’tibor zamburug‘larni sof kulturalari kolleksiyasini tashkil etishga qaratilishi lozim. Hozirgacha respublikamizda iste’molbop yoki istiqbolli dorivor zamburug‘larning sof kulturalari kolleksiyasi mavjud emas.

Uchinchidan, zamburug‘lar biomassasini еtishtirish va ulardan yuqori hosil olishda mahalliy sharoitdagi arzon substratlar tanlash va ularni biologik samaradorligini (biological efficiency) ilmiy asoslash zarur.

Ijrochi tashkilot: Qarshi davlat universiteti

Loyiha qiymati: 981 920 000 (to‘qqiz yuz sakson bir million to‘qqiz yuz yigirma) ming so‘m.