Qadriyat, urf-odat, an’ana va yoshlar festivali

14-Mart 2025, 15:26
Ommaviy tadbirlar

Qarshi davlat universitetida “Milliy liboslar va qadriyatlar” mavzusida festival o‘tkazildi. Bundan yoshlarda milliy an’analarimiz, qadriyat va urf-odatlarimizga nisbatan hurmat, Vatanga sadoqat kabi olijanob tuyg‘ularni shakllantirish, ularni ”ommaviy madaniyat” xurujlaridan asrash, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-madaniy taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shayotgan iqtidorli va iste’dodli ijodkorlar, ijtimoiy faol navqiron avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ma’naviy barkamol shaxs bo‘lib voyaga yetishlari, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun ko‘maklashish maqsadlari ko‘zlangan.

Festival avvalida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ul xodimi X.Eshov ma’naviyatimizning asosi bo‘lgan milliy qadriyatlar xalqimizning ulkan merosi ekanligini ta’kidladi. Festivalda fakultetlar jamoalari tomonidan milliy taomlardan iborat dasturxonlar yozilib, milliy etnik folklor chiqishlar, varrak uchirish, kurash, arqon tortish kabi nafaqat o‘zimizning milliy qadriyatlarimiz, balki yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarining urf-odatlari, an’analari aks etgan sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiqlari, milliy o‘yinlari namoyish etildi.

Ahamiyatlisi, milliy liboslar, taqinchoqlarning mavjudligi va jamoa uchun ajratilgan hududni bezatilishi, hududiy urf-odatlarning o‘ziga xosligini aks etishi, xalq ijrochiligi usullarini egallaganlik darajasi, og‘zaki, musiqa jo‘rligida ashula ijrochiligi, cholg‘u ijrochiligi va raqs milliy an’analari ijrosi uslublari va yo‘llarining mutanosibligi, milliy taomlarning tayyorlanishi va o‘ziga xosligini yorqin ifoda etgan fakultetlar jamoalari hakamlar hay’ati tomonidan munosib baholandi.