Qarshi davlat universiteti 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab, xalqaro e’tirof etiladigan QS reytingida o‘z ma’lumotlari bilan ishtirok etishni boshlagan. Joriy yilda universitet QS reytingida Markaziy Osiyo universitetlari orasida 55-o‘rinni egallab, Osiyoda 801-850 o‘ringa ega bo'ldi. QS reyting tizimida oliy ta'lim muassasalari akademik sohadagi va ish beruvchilar orasidagi nufuzi, professor-o'qituvchilar va talabalarning nisbati va universitetning ilmiy faoliyatining ta'siri kabi ko'rsatkichlar asosida baholanadi. Bu yutuqlar universitetning o‘quv jarayonini xalqaro standartlarga moslashtirish, ilm-fanning turli yo‘nalishlarida ilg‘or tadqiqotlar olib borish va jamiyat rivojiga salmoqli hissa qo‘shish borasidagi izchil sa’y-harakatlarini ko‘rsatadi. Qarshi davlat universiteti o‘qitish sifatini yanada oshirish hamda inklyuziv va talabalarga yo‘naltirilgan muhitni targ‘ib qilish orqali o‘zining global salohiyatini mustahkamlashda davom etadi.