Abiturientlar uchun eslatma

20 January, 2021

Abituriyent qabul komissiyasiga tegishli hujjatlarni topshirishi, topshirgan hujjatlariga mos ma`lumotlar abituriyentlar bazasiga turi kiritilganini tasdiqlashi lozim. Qabul jarayoni tugagandan so‘ng abituriyentning murojaatlari (shikoyatlari) inobatga olinmaydi.

Abituriyent ruxsatnomasida ko‘rsatilgan sana va vaqtda test sinovlarida ishtirok etadi.

Test sinovlari jarayonida abituriyent quyidagi huquqlarga ega: savollar kitobchasidan qoralama sifatida foydalanish;

test topshiriqlarini belgilangan muddatdan oldin bajarish, undan so‘ng test materiallarini tartib bilan guruh nazoratchisiga topshirish hamda test sinovlari o‘tkaziladigan hududdan chiqib ketish.

Abituriyent test sinovlari o‘tkaziladigan kuni binoga tegishli hududga soat 07:00 (ikkinchi smena soat 13:00) gacha, binoga soat 07:30 (ikkinchi smena soat 13:30) gacha faqat abituriyent ruxsatnomasi va pasport bilan shaxsni identifikatsiyalash vositalari xamda videofiksatsiya qurilmalari orqali tartibli ravishda kirishi, test sinovlarini o‘tkazish qoidalariga qat`iy amal qilishi bilan birgalikda, birinchi smenada soat 07:30 dan 08:00 gacha, ikkinchi smenada soat 14:30 dan 15:00 gacha kuyidagi ishlarni amalga oshirishga majbur:

test topshiriqlari kitobi va unga mos raqamli javoblar varaqasi raqamlari mosligini tekshirish;

test materiallari nuqsonsizligini tekshirish va nuqson borligi aniqlansa, darhol guruh nazoratchisiga xabar berish;

javoblar varaqasi to‘g‘ri to‘ldirilishini ta`minlash;

test topshiriqlari kitobi muqovasida va javoblar varaqasida ko‘rsatilgan tegishli joyga familiyasi, ismi, otasining ismini yozib, imzo qo‘yish;

javoblar varaqasi raqamini abituriyent ruxsatnomasi va titul varaqasining tegishli joyiga to‘g‘ri ko‘chirib imzo qo‘yish;

titul varaqasida ko‘rsatilgan maxsus kod va ta`lim muassasasi kodini javoblar varaqasida ko‘rsatilgan joyga to‘g‘ri ko‘chirib yozish va tegishli doirachalarni bo‘yash.

Abituriyent yuqorida ko‘rsatilgan majburiyatlaridan tashqari quyidagilarga shaxsan javobgar hisoblanadi:

javoblar varaqasini havo rang pastali sharikli ruchka bilan to‘ldirish;

javoblar varaqasini bukmaslik, marker chizig‘iga yozmaslik, javoblar varaqasi raqami ostida joylashgan doirachalarni bo‘yamaslik;

javoblar varaqasi bilim darajasini belgilovchi asosiy hujjat bo‘lganligi uchun uni to‘g‘ri to‘ldirish;

belgilangan vaqt tugaguniga qadar test topshiriqlari kitobida mavjud test topshiriqlarini bajargan holda javoblar varaqasining mos tartib raqamidagi tegishli doirachalarini bo‘yab, test topshiriqlari kitobini va unga mos bo‘lgan javoblar varaqasini guruh nazoratchisiga topshirish.

Test topshiriqlari umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta`limining umumta`lim fanlari o‘quv dasturlariga muvofiq tuziladi.

Abituriyentlar tanlagan ta`lim yo‘nalishiga qarab tegishli ravishda bir, ikki yoki uchta fan majmuasi bo‘yicha test sinovini topshiradi. Test topshiriqlari kitobidagi mavjud har bir fan 30 tadan test topshirig‘ini o‘z ichiga oladi.