Qarshi davlat universiteti talabalari yetakchi mahalliy korxonalarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda
Qarshi davlat universiteti Fizika fakulteti Sanoat muhandisligi kafedrasi 022-16-guruh 2-bosqich Yengil sanoat buyumlari konstruksiyasini ishlash va texnologiyasi yo‘nalishi talabalari amaliyot rahbari Yu.Daminova hamrohligida Qarshi shahridagi “SULTON STYLES” (UK) va “Qarshi LIDER ” MCHJ ga bordilar. Malakaviy amaliyot davrida talabalar korxonaning tajribali mutaxassislaridan nazariy bilimlarini amalda tadbiq etish, korxonadagi barcha sexlarning faoliyatini o‘rganib, sohaga doir yangi texnika va texnologiyalardan unumli foydalanish, ularning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini aniqlash usullarini o‘rganmoqdalar.
Amaliyotchi talabalar korxonaning konstruktorlik-texnologlariga ishlab chiqariladigan mahsulotlarning o‘zlari yaratgan dizayndagi yangi model namunalarini taqdim etdilar. Tashrif davomida kafedraning professor-o‘qituvchilari, amaliyotchi talabalar va korxonaning malakali ishchi-xodimlari ishtirokida seminar tashkil etildi. Seminarda yengil sanoat sohasini rivojlantirish va raqamli texnologiyalarni qo‘llashda engsamarali usullardan foydalanish, jahon standartlariga mos keladigan raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda O‘zbekistonning ichki bozorlarini sifatli mahsulotlar bilan ta'minlash, chet davlatlarga eksport qilishni amalga oshirish kabi masalalar haqida so‘z bordi.