Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida yangi spektakl namoyish etildi
Qarshi davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyida jadid bobomiz Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tadbir hamda spektakl namoyishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir avvalida Ma’naviy va ma’rifiy ishlarni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Sh.Akramov, “Qaqnus” talabalar teatr studiyasi ijodiy rahbari, rejissyor P.Nomdorov so‘zga chiqib, Abdulla Qodiriy ijodining yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, jadidlar merosini o‘rganish va uni keng targ‘ib etishning ahamiyati haqida fikr bildirdilar. Shundan so‘ng “Qaqnus” talabalar teatr studiyasining yosh aktyorlari tomonidan Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan yangi spektaklning ilk premyerasi namoyish etildi. Spektaklda buyuk adibning hayot yo‘li, ijodiy faoliyati, millat va ma’rifat yo‘lidagi qarashlari badiiy talqin orqali yoritildi. Mazkur ijodiy loyiha talaba-yoshlarning milliy tariximiz, jadidlar merosi va adabiyotimizga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi.