Ogohlik va hushyorlik - davr talabi
Joriy yilning 20-iyun kuni Qarshi davlat universitetida tashkil etilgan tadbirda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O.Kuziyev, rektor maslahatchisi A.Jo‘rayev, Yoshlar bilan ishlash bo‘limi tyutorlari qatnashdi. Yig‘ilishda “Korrupsiya–taraqqiyot kushandasi, diniy mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish” kabi mavzularda so‘z bordi.
Aytilganidek, mamlakatimizda yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom ruhida kamol toptirish, ularni ma’naviyatimizga yot zararli g‘oyalar ta’siridan himoyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Taraqqiyotga to‘siq, sohalar rivojiga g‘ov bo‘ladigan illatlardan biri korrupsiyadir. Uning zararli oqibatlarini tushuntirish va unga nisbatan barchada keskin kurashish tuyg‘usini uyg‘otish muhim masaladir. Shuningdek, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, aholida, ayniqsa yoshlarda radikalizm, diniy mutaassiblik, turli yot g‘oyalar va tahdidlarga nisbatan immunitet hosil qilishi lozim.
Tadbirda bugungi kunda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning mazmun-mohiyati va ahamiyatli jihatlari xususida ma’lumot berildi. Talabalar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini taminlash, ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish tyutorlarning bugungi kundagi asosiy vazifasi ekanligi takidlandi.