Turli tuproq-iqlim sharoitida organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda innovatsion texnologiyalarni qo‘llashning dolzarbligi
Joriy yilning 11-12-iyun kunlari Agrokimyo va ekologiya kafedrasi tomonidan “Turli tuproq-iqlim sharoitida organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda innovatsion texnologiyalarni qo‘llashning dolzarbligi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Anjumanda Rossiya, Hindiston, Afg‘oniston, Xitoy, Qozog‘iston kabi xorijiy davlatlar va respublikamiz oliy o‘quv yurtlarining taniqli olimlari, soha mutaxassislari, universitet professor-o‘qituvchilari hamda Geografiya va agronomiya fakulteti talaba-yoshlari ishtirok etdi. Konferensiyani Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor I.Bekpulatov kirish so‘zi bilan boshlab berdi.
Yalpi majlisda bevosita va Zoom platformasi orqali Rossiya davlat agrar universiteti professorlari T.M.Giro, A.S.Mustafina, viloyatimizdagi “Indorama Agro” MChJ Atrof-muhit va ijtimoiy boshqaruv bo‘limining bosh menejeri, Dr. Kathiravan Karthikeyan, O‘zbekiston Milliy universiteti professori, akademik Djuraqul Sattorov, Farg‘ona davlat universiteti professori G‘ulom Yuldashev, Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti professori, akademik Rixsivoy Tillayev, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti professor Bahodir Xoliqov hamda Qarshi davlat universiteti professorlari Toshtemir Ostonaqulov, Turop Tilovov mavzu doirasida ma’ruza qildilar.
Shundan so’ng, anjuman ishi sho‘ba yig‘ilishlarida davom ettirildi. Yakunda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tavsiya va ko‘rsatmalar ishlab chiqildi. Anjuman doirasida, shuningdek, Geografiya va agronomiya fakulteti professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yangi navlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.