Amaliy matematikaning zamonaviy muammolari va istiqbollari

Qarshi davlat universitetida Amaliy matematika kafedrasi tomonidan joriy yilning 24-25-may kunlari “Amaliy matematikaning zamonaviy muammolari va istiqbollari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi. Unda xorijdan yetakchi olimlar, yurtimiz oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlarining professor-o‘qituvchilari, soha mutaxassislari, yosh tadqiqotchilar va iqtidorli talabalar ishtirok etdi.

Konferensiyani Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor I.Bekpulatov hamda O’zbekiston Milliy universiteti professorlari M.Aripov, B.Shoimqulov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Yalpi majlisda Rossiya fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi Hisoblash matematikasi va matematik geofizika instituti laboratoriyasi mudiri, professor X.Imomnazarov, O‘zbekiston Milliy universiteti professorlari R.Aloyev, N.Ignatev, Toshkent davlat transport universiteti professori X.Shadimetov o‘z ma'ruzalari bilan qatnashishdi. So‘ngra konferensiya sho‘balarga bo‘lingan holda olib borildi.

Konferensiyaning ikkinchi kunida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi professori A.Yuldashev, O’zbekiston Milliy universiteti professori M.Xakimov, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti professori U.Jamilovning ma’ruzalari tinglandi. Yakunda tajribalar o‘rtoqlashilib, mavzu doirasida zarur xulosalar shakllantirildi.