Halima Xudoyberdiyeva xotirasiga bag‘ishlandi
Qimtinasan, astagina ko‘tarasan bosh,
Ming yillikdir ko‘zingdagi javdiragan yosh,
Gunohkorlar mingu bitta Senga tegar tosh,
Sen bari bir muqaddassan, Muqaddas Ayol!
Halima Xudoyberdiyeva o‘zbek she’riyatining samimiy insoniy tuyg‘u va fazilatlar — sevgi va sadoqat, mehr va muruvvatni tarannum etuvchi shoirasi, o‘zbek xotin-qizlari orzu va armonlarining kuychisidir. Uning she’riy tasviridagi ayol har qanday xalq va mamlakatning kelajagi — sog‘lom va barkamol yoshlarni yetkazib beruvchi mo‘jizaviy kuchdir.
Bugun, 20-may kuni, Filologiya fakultetida Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi R.Saydullayeva, o‘qituvchilar K.Do‘styorova, Z.Porsiyeva, kutubxona-axborot faoliyati yo‘nalishi 4-kurs talabalari ishtirokida O‘zbekiston xalq shoiri, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi Halima Xudoyberdiyeva ijodiga bag‘ishlangan xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda xalqimizning ardoqli shoirasining hayoti, ijodi va uning o‘zbek she’riyati rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi tilga olindi. Kechada Halima Xudoyberdiyeva she’rlaridan namunalar o‘qildi.