YANGI YIL BAYRAMI MUNOSABATI BILAN REKTOR TABRIGI

29-Dekabr 2023, 07:19
Universitet yangiliklari

Muhtaram professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar, qadrli ishchi-xodimlar!

Jamiyat hayotida bayramlarning alohida o‘rni bor. Negaki, bayramlar, avvalo, kishilar orasidagi mehr-oqibat, o‘zaro hurmat rishtalarini mustahkamlashga katta hissa qo‘shadi. Qolaversa, bayramlar inson ruhiyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatib, uning turmushi va faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar qozonishiga xizmat qiladi. Jumladan, biz har yili o‘zgacha shukuh bilan nishonlaydigan yangi yil bayrami ham qalblarga surur, ruhiyatga ko‘tarinkilik bag‘ishlashi bilan katta ahamiyat kasb etadi. Shu qutlug‘ fursatda universitet jamoasini yangi 2024-yil bilan qutlashdan behad mamnunlik his etaman. Bayram arafasida barchangizga samimiy mehr va hurmatimni bildirib, ezgu tilaklarimni izhor qilishdan baxtiyorman.

Yangi yil ostonasida ortga nazar tashlab, yil davomida erishilgan yutuqlar salmog‘idan quvonish bayram fayziga fayz qo‘shadi. Shukrki, universitetimiz yildan-yilga zafarli marralarga erishishni davom ettirib, ulkan natijalarga erishmoqda. Xususan, o‘tib borayotgan 2023-yilda ham universitetimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar va ular berayotgan natijalardan barchamiz faxr tuyamiz. Ayniqsa, bizning asosiy vazifamiz bo‘lgan malakali mutaxassislar tayyorlash va fan-texnika taraqqiyotidagi ishtirokimiz ham tugab borayotgan yilda sezilarli darajada yuqoriladi.

Shu o‘rinda yil davomida talabalarimiz erishgan yutuqlarni ham ta’kidlab o‘tishni joiz bilaman. Ular turli sohalarda mamlakatimiz va jahon miqyosida o‘tkazilayotgan qator tanlov va musobaqalarda munosib ishtirok etib, iftixor etsa arzigulik natijalarga erishmoqdalar. Xususan, 20 ga yaqin talabalarimizning 2023/2024 - o‘quv yili uchun bakalavriat bosqichining Prezident hamda nomli davlat stipendiyalari g‘oliblari safidan joy olgani, qolaversa, qator sportchi talabalarimizning O‘zbekiston va Xalqaro miqyosda o‘tkazilgan musobaqalarda yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarayotgani fikrimizni dalillaydi. Albatta, talabalarimizning ilmiy-ijodiy faoliyatidagi yutuqlarda, avvalo, Siz, aziz ustozlarning zahmatli mehnatlaringiz borligini e’tirof etish joiz.

Bundan tashqari, professor-o‘qituvchilarimizning darslik va o‘quv qo‘llanmalari soni oshdi. Jumladan, joriy yilda 120 dan ortiq o‘quv qo‘llanma, 50 dan ziyod darsliklar yaratildi. Ularning ayrimlari eng yaxshi darslik va o‘quv qo‘llanma sifatida vazirlik, tegishli kengashlar va mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalaridagi olimlar tomonidan e’tirof etildi. Darslar o‘quv-uslubiy majmualar va zaruriy adabiyotlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, yil boshidan hozirga qadar professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan 75 ta monografiyaning chop ettirilishi ilmiy sohada erishilayotgan salmoqli yutuqlarimizdan hisoblanadi.

2023-yilda o‘tgan yillarga nisbatan ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash samaradorligi ham sezilarli o‘sdi. Yil davomida universitetimizda 8 nafar olim fan doktori (DSc) va 42 nafar tadqiqotchi falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilishdi. Shuningdek, yangi yil arafasida yana bir qator tadqiqotchilarning himoyasi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Shu bilan birga, 50 dan ziyod professor-o‘qituvchilarning ilmiy unvonlarga ega bo‘lishi ilmiy salohiyatning yanada yuqorilashiga hissa qo‘shdi.

Ta’kidlash joizki, universitetimiz qiyofasi ham jahon standartlariga mos ravishda o‘zgarib bormoqda. Yangi o‘quv binolari, sport majmualari, talabalar turar joylari, kutubxona, yoshlar markazlarining bunyod etilishi, amalga oshirilayotgan obodonchilik ishlari, avvalo, Siz aziz ustozlarga qulaylik yaratish va talaba-yoshlarning sifatli hamda zamonaviy bilim olishlari uchundir.

So‘zim yakunida Sizlarga, avvalo, o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromimni izhor etib, qutlug‘ qadamlar bilan tashrif buyurayotgan Yangi 2024-yil bilan samimiy tabriklayman. Barchangizga chin qalbimdan sihat-salomatlik, tinchlik-omonlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga xotirjamlik va farovonlik tilayman.

Yangi yilda Sizlarga yangi omadlar, yangi yutuqlar, yangi g‘oyalar hamda yangi imkoniyatlar hamroh bo‘lsin!

Dilmurod NABIYEV,

Qarshi davlat universiteti rektori