Bo‘lg‘usi shifokorlar qasamyod qabul qildi
Har bir shifokor o‘z faoliyatini boshlash oldidan, albatta, qasamyod qiladi. Bemor qanday inson, qaysi millat vakili bo‘lishidan qat’iy nazar davolashga, tibbiy yordam berishga ahd qiladi, shu vazifani, mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Bugun viloyat musiqali drama teatrida Qarshi davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, ota-onalar va Tibbiyot fakulteti talabalari ishtirokida “Talabalikka bag‘ishlov” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Dastlab Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori I.Bekpulatov “Rektor tabrigi”ni o‘qib eshittirdi hamda bo‘lajak shifokorlarning o‘qish va ishlarida ulkan zafarlar tiladi. Joriy o‘quv yilida Tibbiyot fakulteti talabalari safiga 169 nafar o‘g‘il-qizlar qo‘shildi. Bo‘lg‘usi shifokorlar qasamyod qabul qilish orqali teran bilim olishni, kasbni mukammal egallab, xalqimizga vijdonan xizmat qilishni maqsad qilishdi.
Shifokorlik - sharafli va ayni damda o‘ta mas’uliyatli kasb. Bu zahmatli faoliyatga umrini baxshida etmoqchi bo‘lgan yoshlar kelgusida nafaqat egnidagi oq libosi, balki qalbiga ham gard yuqtirmasliklari lozim. Bemorlarga o‘z jon-jigarlari, yaqinlaridek munosabatda bo‘lish uchun esa, avvalo, pokiza niyat, olijanob maqsad va qat’iy ahd zarur. Tadbir go‘zal kuy-qo‘shiqlarga ulanib, o‘zgacha mazmun kasb etdi.