Zamonaviy tilshunoslikda lingvomadaniyat va kompyuter lingvistikasi muammolari va ishlab chiqarishga tadbiq etish masalalari

28-Oktabr 2023, 09:24
Universitet yangiliklari

Joriy yilning 23-24-oktyabr kunlari Qarshi davlat universitetida Roman-german filologiyasi fakulteti tomonidan “Zamonaviy tilshunoslikda lingvomadaniyat va kompyuter lingvistikasi muammolari va ishlab chiqarishga tadbiq etish masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Anjumanda yurtimiz oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari professor-o‘qituvchilari, shuningdek, xorijdan soha mutaxassislari, yetakchi olimlar ishtirok etdi. 

Yalpi majlisda “Kognitiv tilshunoslikda konsept va freym tushunchalari izohi”, ““Malla savdogar” dostonining variantlarida syujet voqealarining ibtidosi”, ““Muqaddamatu-l-adab” asarida turkiy fe’llarning yasalish xususiyatlari”, “Ilmiy to‘rtburchak modeli - ilmiy tadqiqot kaliti”, “Tarjima sohasiga ilk qadamlar”, “Modallik – funksional-semantik kategoriya”, ““Gorio ota” romanida shaxsning burjua jamiyatidagi fojiasi”, “G‘aybulla as-Salomning tarjimashunoslikka oid qarashlari”, “Umumiste’mol polisemantik leksemalarning avtoyo‘lsozlik terminosistemasiga xoslanishi” va “Alohida semantik motivlangan okkazional qo‘shma otlar va ularning so‘z birikmalariga munosabati” kabi mavzularda ma'ruzalar tinglandi.

Anjumanda ta’lim sohasining taniqli tilshunos va adabiyotshunos olimlari, mutaxassislar, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar, mustaqil izlanuvchilar, magistrlar, oliy va umumiy o‘rta ta’limda xorijiy tillar (ingliz, nemis, fransuz), rus va o‘zbek tilidan dars beradigan o‘qituvchilarning maqola va tezislarida xorijiy tilshunoslik va adabiyotshunoslikning qiyosiy-tipologik tahlili, lingvodidaktika, kognitiv tilshunoslik, kompyuter lingvistikasi, lingvomadaniy xususiyatlar, madaniyatlararo muloqot singari yangi yo‘nalishlar muhokama qilindi. Konferensiya ishi sho‘balarga bo‘lingan holda davom ettirildi.