
O‘zbekning xalqchil shoiri tavalludiga bag‘ishlandi
26-aprel — ona yurtimiz va istiqlol kuychisi, xalqimizning sevimli shoiri Muhammad Yusufning tavallud ayyomi. Uning milliy adabiyot va madaniyat rivojiga, xalqimizning ma’naviyati, ongu tafakkurini yuksaltirish, yosh avlod qalbida milliy g‘urur, o‘zlikni anglash tuyg‘usi va ezgu fazilatlarni shakllantirish yo‘lidagi buyuk xizmati beqiyosdir. Shoirning yorqin iste’dodi, betakror badiiy asarlari haqiqiy ibrat maktabi hisoblanadi. Shu kunlarda shoir tavalludining 71 yilligi munosabati bilan Qarshi davlat universitetida bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xotira va she’riyat kechalari tashkil etilmoqda. Jumladan, 21-aprel kuni Yoshlar bilan ishlash bo‘limi tyutori Sh.Ashurova hamda tarbiyachi-pedagog M.Rahmonova hamkorligida 10-sonli talabalar turar joyida “Xalq sevgan shoir” mavzusida adabiy-badiiy va musiqiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida talabalar Muhammad Yusuf qalamiga mansub she’rlardan go‘zal satrlar o‘qib eshittirishdi, shoir she’rlariga asoslangan qo‘shiqlar sadosi ostida raqslar namoyish etildi. Tadbirda faol qatnashgan talabalar munosib ravishda rag‘batlantirildi.