Qarshida Qashqadaryoni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy tashabbuslar muhokama qilindi

24-Aprel 2025, 05:14
Universitet yangiliklari

18-aprel kuni Qarshi davlat universitetida Qashqadaryo viloyatining yetakchi olimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 31-dekabrdagi qarori bilan tashkil etilgan Tahliliy va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi Kengash rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv Kengash tomonidan amalga oshirilayotgan Qashqadaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini keng qamrovli o‘rganishi doirasida tashkil etildi. Asosiy maqsad — o‘sish nuqtalarini aniqlash, istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash va amaliyotga yo‘naltirilgan ilmiy yondashuvlarni ishlab chiqish.

Olimlar iqtisodiyot, ta’lim, madaniyat, ekologiya, suv xo‘jaligi, tadbirkorlik va turizm sohalarida bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan:
▪️  qishloq xo‘jaligi va suv resurslarini boshqarish
▪️  agroiqtisodiyotda biokimyo usullarini joriy etish
▪️  sun’iy intellekt yordamida xorijiy tillarni o‘qitish
▪️  sho‘rlangan tuproqlarni melioratsiya qilish
▪️  turizmni raqamlashtirish
▪️  dorivor makromitsetlar kolleksiyasini yaratish
▪️  muqobil energiya uchun superkondensatorlar ishlab chiqarish bo‘yicha aniq takliflar muhokama qilindi.

Shuningdek, akademik jamoatchilik tomonidan hududning barqaror, innovatsion va raqobatbardosh rivojlanishiga xizmat qiladigan yangi fanlararo tadqiqot yo‘nalishlari ham taklif etildi. Uchrashuvdan so‘ng Muvofiqlashtiruvchi Kengash a’zolari yaqinda foydalanishga topshirilgan Xorijiy tillar fakultetining yangi o‘quv binosi va zamonaviy til markazlari faoliyati bilan tanishdi.