Xalqaro matematika olimpiadasida faxrli natija – QarDU talabalari bronza medalga sazovor bo‘ldi!

19-Aprel 2025, 12:04
Universitet yangiliklari

2025-yil 13–18-aprel kunlari Turkmaniston Respublikasining Ashxobod shahrida “Open Mathematical Olympiad for University Students (OMOUS-2025)” an’anaviy xalqaro matematika fan olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli musobaqada dunyoning turli mamlakatlaridagi oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan bir qatorda, Qarshi davlat universiteti talaba-yoshlari ham munosib ishtirok etdilar. Quvonarlisi, olimpiadaning yakkalik bahslarida universitetimizning Matematika va kompyuter ilmlari fakulteti iqtidorli talabalari – Begmahmatov Mirjalol Sayfulla o‘g‘li, Halimov Shaxboz Shuhrat o‘g‘li, Nozov Temurbek Baxtiyor o‘g‘li hamda Vahobova Dilnurabonu Qahramon qizi faxrli uchinchi o‘rinni egallab, bronza medali sohiblariga aylanishdi. Bu yutuq – universitetimizda ilm-fan rivojiga qaratilayotgan e’tibor, ustozlarning fidokorona mehnati va talabalarimizning tinimsiz izlanishlarining natijasidir. G‘oliblarni samimiy muborakbod etamiz! Ularga kelgusi ilmiy izlanishlarida, xalqaro miqyosdagi musobaqalarda yanada yuksak marralarni zabt etishlarini tilaymiz!