Xoliqov Ziyodulla AkramovichElektron pochta: rttmqarshidu@umail.uz
Qabul kunlari: Dushanba - Payshanba 14:00 dan 16:00 gacha |
Ta’lim sifatini oshirishga bag‘ishlangan Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirishning ikkinchi bosqichi birinchi navbatda axborot texnologiyalar va masofaviy o‘qitishni rivojlantirishga bog‘liq. Ushbudan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 23-maydagi 230-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hay’at qarori va 2002-yil 5 fevralda bo‘lib o‘tgan universitet ilmiy kengashi qarori asosida Qarshi davlat universitetida Axborot texnologiyalari va masofaviy ta’lim markazi tashkil etildi.
Dastlab O.M.Turg‘unov markaz rahbari sifatida faoliyat yuritdi. Bu davrda markazning tashkiliy ishlari hamda zamonaviy texnologiya vositalari bilan jihozlash ishlari amalga oshirildi. Videokonferensiya o‘tkazish uchun maxsus xona tashkil qilindi hamda videokonferensiyalar o‘tkazila boshlandi. Shu paytga kelib universitet web-sayti www.qardu.uzpak.uz ishga tushirildi.
2005-2012-yillarda markazni A.E.Xolmurodov boshqardi. Bu yillarda markaz yanada rivojlantirildi, markaz nomi Axborot texnologiyalari markazi deb o‘zgartirildi. Zamonaviy texnik vositalar bilan qayta jihozlandi. Yuqori tezlikda va sifatli internet aloqasi o‘rnatildi. Huawey texnologiyasi asosida vazirlikning videokonferensiya jihozlari keltirildi va o‘rnatildi. Axborot resurs markazi kompyuterlashtirildi. Universitet Web-sayti www.kasu.uz nomi bilan faoliyat yurita boshladi.
2012-2015-yillarda markazni SH.Q.Shoyqulov boshqardi. Bu davrda markazda sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirila boshlandi. Zamonaviy texnik jihozlar bilan yangilanib borildi. Universitetda lokal, korporativ va global(Internet) tarmog‘ida ishlash yo‘lga qo‘yildi. Universitet Veb-sayti www.qarshidu.uz nomi bilan faoliyat yurita boshladi.
Markazda malakali, oliy ma’lumotli mutaxassislar faoliyat yuritmoqda. Markaz zamonaviy kompyuter va multimedia vositalari bilan qayta jihozlanmoqda. Universitet rasmiy Web sayti qayta ishlandi va doimiy ravishda yangilab borilmoqda. Hozirgi kunga kelib internet tizimi 40 Mb/s tezlik bilan TAS-IX tizimidagi internet esa 150 Mb/s tezlik bilan ishlab turibdi. Universitetda OTMni avtomatlashirish tizimi yo‘lga qo‘yildi va foydalanilmoqda.
Markaz axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar sohasida, “elektron hukumat”ni joriy etishda yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash, axborot texnologiyalarini rivojlantirishning jahon darajasidan kelib chiqqan holda milliy axborot-kommunikatsiya tizimini tatbiq etish maqsadida Ta’lim muassasalarida elektron ta’limni joriy etish markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Ta’lim” axborot tizimlar majmuasining universitetdagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Shuningdek, markazda o‘quv fanlarini o‘zlashtirish va talabalar bilimini nazorat qilish uchun universitetning Moodle masofaviy ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi kunga kelib ushbu tizimga 671 ta fan joylashtirilgan. Shu bilan birga markaz universitetdagi barcha axborot tizimlarini nazorat qilib boradi.
Markaz o‘z faoliyatini amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi buyruq va farmoyishlari, hay’at qarorlari va mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiradi.
Markaz faoliyati Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi “Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish” boshqarmasi, universitet rektori va o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori tomonidan muvofiqlashtirilib boriladi.
Markazning moliyaviy faoliyati universitetning budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Markaz boshlig‘i universitet rektorining buyrug‘i bilan tayinlanadi. Markaz universitetning strukturaviy bo‘limi hisoblanadi.