
“Halollik vaksinasi” — ta’limda va tarbiyada
Qarshi davlat universitetida iqtidorli talaba-yoshlardan iborat “Talaba-yoshlar klubi” a’zolari ishtirokida ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Ushbu tadbirda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi Korrupsiyaga qarshi kurashish ilmiy-ta’lim markazi boshlig‘i X.Tursunbekov, Qashqadaryo viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori J.Farmonov, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi bosh mutaxassislari N.Srajidinova va Sh.Axmedov ishtirok etdi. Tadbirda “halollik vaksinasi” bilan emlangan yosh avlodni tarbiyalash, shuningdek, BMTning Korrupsiyaga qarshi ta’lim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan global resursi — GRACE dasturini yurtimizda keng joriy etish masalalari haqida so'z bordi. Ta’kidlanganidek, GRACE dasturining asosiy maqsadi — ta’lim va o‘zaro hamkorlikdagi loyihalar orqali dunyo yoshlari orasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishdan iborat. Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasida o‘quvchi-talabalar uchun ta’lim olish imkoniyati xususida atroflicha ma’lumotlar berildi, shuningdek, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.