
Rektor tabrigi: Bugungi sana universitet tarixiga kiradi!
Avvalambor, jamoamizni tarixiy natija bilan chin qalbimdan tabriklayman. Yigitlar bugun maydonda haqiqiy matonat va iroda ko‘rsatishdi. Garchi uchrashuv davomida sezilarli farq bilan ortda borishlariga qaramay jangovar ruh bilan hisobni tenglashtirishni uddasidan chiqishdi. Penaltilar seriyasida esa o‘z darvozalaridan birorta ham to‘p o‘tkazmay g‘alaba qozondilar. Endi jamoamiz ilk bor O‘zbekiston kubogi bahslarining guruh bosqichida, qolaversa 1-liga musobaqasida ishtirok etadi. Ushbu muvaffaqiyatlarga qo‘shimcha ravishda bugun futbol klubimizning O‘zbekiston Professional futbol ligasiga a’zolik to‘g‘risida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Joriy yilda liga talablariga muvofiq bosh o‘yingohimizni qayta ta’mirlab, zamonaviy baza bunyod etamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Lochin futbol klubini yanada rivojlantirish uchun bor kuch va g‘ayratimiz bilan harakat qilamiz. Yana bir bora maqsad va rejalari ulkan jamoamizni bugungi g‘alaba bilan samimiy muborakbod etaman va O‘zbekiston kubogi hamda 1-liga musobaqalarida omad tilayman. Barakalla yigitlar!
Dilmurod NABIYEV,
Qarshi davlat universiteti rektori, professor