“QADRIYATLARING BOQIY BO‘LSIN, NAVRO‘Z!”

20-Mart 2025, 06:17
Universitet yangiliklari

Muhtaram professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar, qadrli ishchi-xizmatchilar! 
Har bir millatning qadriyatlari ko‘zgusiga aylangan o‘ziga xos bayramlari bor. Bu kabi ayyomlar muayyan xalqning ezgu fazilatlari, ma’naviy qiyofasi va ruhiy olamini aks ettirishi bilan yuksak qadr-qimmatga ega. Shu ma’noda aytish mumkinki, Navro‘z butun Sharq xalqlari, xususan, o‘zbek millatining qon-qoniga singib ketgan qadriyatlarini to‘la-to‘kis o‘zida mujassam etgan ulug‘ ayyomdir. 
Mamlakatimizda har yili ushbu qutlug‘ umumxalq bayramiga munosib tayyorgarlik ko‘rish va yuqori saviyada nishonlash an’ana tusini olgan. 2025-yilgi Navro‘z bayrami ham prezidentning tegishli qarori bilan yurtimizda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlash o‘rinliki, Navro‘z chin ma’noda insoniylik, iymon-e’tiqod, totuvlik va osoyishtalikning tantanasidir. Shuningdek, u Vatan, borliq va ona tabiatga muhabbat, saxovat, muruvvat, bunyodkorlik hamda olijanoblik kabi ezgu fazilatlarni o‘zida mujassam etishi bilan sharif va latif bayram hisoblanadi. Prezidentimiz haqli e’tirof qilganidek: “Bu munavvar ayyom keyingi yillarda Vatanimizda amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun”, degan olijanob g‘oyaga hamohang bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi hamda mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida keng nishonlanmoqda”.

Haqiqatan, ushbu ulug‘ ayyomning ruhi va falsafasida, avvalo, insonparvarlik g‘oyasi muhim o‘rin tutadi. Navro‘zning ana shu bosh g‘oyasiga mamlakatimizda o‘tkaziladigan har yilgi tantanalarda alohida diqqat qaratilishi e’tirofga loyiq. Prezident qaroriga ko‘ra, bu yilgi Navro‘z bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama e’zozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olinadi, ular uchun bayram dasturxoni yozish hamda turli xayriya tadbirlari o‘tkaziladi.

Albatta, prezidentimiz boshchiligida hukumatimiz tomonidan bunday rag‘batning berilishi yurtimizning har bir go‘shasida, bayramona ruh, bayramona kayfiyatning qalblardan yanada mustahkam o‘rin olishiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, bunday ezgu g‘oyalarning ko‘p millatli xalqimiz orasida ham keng yoyilishiga zamin yaratadi. Bayram arafasida kishilarning bir birlariga o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va muruvvat ko‘rsatib, tabarruk keksalarimizni yo‘qlab, nogironlar, yordamga muhtoj insonlar holidan xabar olib, hasharlar o‘tkazib, yurtimizni yanada obod qilishga undaydi. Bu esa, o‘z o‘rnida, sharqona yangi yil – Navro‘zning fayzini benihoya orttiradi. 

Bahor fasli tarovati, go‘zalligi va nafosatini zohiri va botiniga jo qilgan munis onaxonlarimiz, opa-singillarimizning ayyomi – Xalqaro xotin-qizlar kuni ham bahorning ilk nafasida nishonlanishida ham o‘zgacha hikmat bor. Fursatdan foydalanib aziz va mo‘tabar opa-singillarimiz, onaxonlarimiz, jumladan, universitetimizda faoliyat olib borayotgan va tahsil olayotgan barcha xotin-qizlarni yana bir bor tabriklashdan behad mamnunman.

Sharq xalqlari hayotida ushbu bahoriy ayyom – Navro‘zi olamning ahamiyati yuqori ekani ko‘p bor ta’kidlangan. Ayniqsa, ona tabiatning uyg‘onishi, borliqning rangin jilolarda tovlanishi tan va ruhiyatni quvvatlantirib, yangi maqsadlar, yangi marralar sari intilishimizga katta ilhom beradi. Kishilar ruhiyatidagi bunday ijobiy o‘zgarish, ko‘tarinkilik, albatta, jamiyat hayotida natijadorlikni keskin oshiradi. Buni birgina universitetimiz faoliyati misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Agar yil davomida ershilgan yutuqlarimizni sarhisob qilsak, arzigulik qator yutuqlarimiz borligidan qalblarimizda faxr tuyamiz. Xususan, universitetimizda amalga oshiralayotgan ko‘plab bunyodkorlik ishlarini, xodimlarning ilmiy-pedagogik sohalarda yuqori natijalar ko‘rsatayotganini, talabalarning turli sohalar, jumladan, sport va fan yo‘nalishida yangi marralarni zabt etayotganlarini eslab o‘tish kifoya. Albatta, bu muvaffaqiyatlar aziz ustozlarning mashaqqatli mehnati va qadrli  talabalarimizning g‘ayrat va shijoati uyg‘unligining mevasidir. Bir so‘z bilan aytganda, universitetimiz Yangi O‘zbekistonning bugungi salohiyati va nufuziga har tomonlama munosib fan, ta’lim, adabiyot, san’at, madaniyat, sport kabi sohalarda o‘zini ko‘rsatib, olqishlarga sazovor bo‘lib kelmoqda. 

Qadrli universitet jamoasi! 
Jamiyatda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik, birdamlik ruhini mustahkamlashda beqiyos o‘rin tutgan munavvar va fayzli ayyom – Navro‘zi olam bilan Siz azizlarni tabriklashdan, qalbim to‘ridagi eng samimiy tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman. Qutlug‘ bayramni nishonlash arafasida, butun dunyoda tinchlik, xotirjamlik va farovonlik bo‘lishini, barchagizning xonodoningizda faqat yaxshi kunlar, to‘y-tomosholar ko‘p bo‘lishini tilayman! Navro‘zi olam xalqimizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin! Bayram barchamizga muborak bo‘lsin!

Dilmurod NABIYEV, 
universitet rektori, professor