Matematika fani bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiadaning saralash bosqichi o‘tkazildi
Shu yilning 23-29 oktabr kunlari Nukus shahrida matematika fani bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada o‘tkaziladi. Matematika va kompyuter ilmlari fakultetida ushbu olimpiadaning saralash bosqichi o‘tkazildi. Fakultet talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan mazkur saralash bosqichida matematika fani bo‘yicha eng bilimli bo‘lgan talaba-yoshlar saralab olindi.
Qayd etish kerakki, 2018 yil 26 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida matematika bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro olimpiadani o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida har ikki yilda bir marta matematika bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiada tashkil etiladi.
Olimpiada g‘oliblariga (O‘zbekiston fuqarolari) yo‘nalishlari bo‘yicha magistratura bosqichiga kvotadan tashqari davlat granti asosida kirish huquqi beriladi. Mazkur huquq bakalavr bosqichini bitirgandan keyin 3 yil mobaynida saqlab qolinadi.