Ilmga baxshida umr

23-Yanvar 2025, 06:27
Universitet yangiliklari

Kimyo-biologiya fakultetida “Sog‘lom ovqatlanish saboqlari” mavzusida tadbir bo`lib o`tdi. Unda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O.Kuziyev, Fiziologiya kafedrasi professori, biologiya fanlari doktori Sh.Qurbonov, fakultet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, Yoshlar bilan ishlash bo‘limi tyutorlari va talaba-yoshlar ishtirok etdi. Dastlab O.Kuziyev sog’lom ovqatlanish dunyo bo’yicha global muammolardan biri ekanligi, uning inson salomatligini saqlashdagi o‘rni hamda shu masalalar bilan uzoq yillardan buyon shug’ullanib kelayotgan professor Sh.Kurbanov haqida samimiy munosabat bildirdi. Tadbir davomida Sh.Qurbonov sog’lom ovqatlanishning mazmun-mohiyati, u bilan bog’liq dolzarb muammolar, bu sohada yurtimizda va dunyo bo’yicha olib borilayotgan tadqiqotlar, ularning aholi sihat-salomatligini saqlash va yanada mustahkamlash yo’lidagi ahamiyati haqida to’xtalib o’tdi. Tadbirda, shuningdek, professor Sh.Qurbonovning tabarruk 85 yoshi munosabati bilan iliq qutlovlar bildirilib, “Rektor tabriknomasi” o‘qib eshittirildi. Erkin va farovon hayot qurishdek yuksak vazifani sidqidildan uddalaydigan bilimli va iste’dodli, hech kimdan kam bo‘lmagan navqiron avlodni tarbiyalash yo‘lida ustozning ham zahmatli mehnatlari borligi ezgu tabrik va tilaklarda o‘z aksini topdi. Biologiya fanlari doktori, professor, Turon fanlar akademiyasining akademigi, I darajali Mehnat faxriysi Sh.Qurbonov Yevropa, Rossiya va boshqa mamlakatlarda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy anjumanlarda o’z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan. 6 ta darslik, 10 ta o‘quv qo‘llanma va 12 ta monografiyasi nashr etilgan.