“Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!”

31-Avgust 2023, 11:23
Universitet yangiliklari

Qadrli hamkasblar, aziz talabalar!

Joriy yilning 27-iyul kuni prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida shunday deyiladi: “Aynan 1991-yil 31-avgust kuni xalqimiz o‘z Vatani, taqdiri va kelajagiga o‘zi egalik qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Dunyo xaritasida O‘zbekiston Respublikasi – yangi suveren va mustaqil davlat paydo bo‘ldi”.

O‘zbekiston Mustaqillikka erishgan kun haqida gap ketganda, Vatanimiz yilnomasiga oltin harflar bilan yozildi, deb ta’kidlanadi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki u bizga milliy o‘ziga xosligimizni, e’tiqodimizni, or-nomus va g‘ururimizni, milliy qadriyatlar, urf-odat hamda an’analarimiz bilan faxrlanish hissini qaytargan bayram sifatida xalqimiz qalbining eng to‘ridan joy olgan.

Shu bois xalqimiz har yili bu bayramga butun qalb-qo‘rini berib, baland ruh bilan tayyorgarlik ko‘radi. Men bugungi qutlug‘ lahzalarda Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida butunlay yangi davrni boshlab bergan unutilmas tarixiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi bilan qadrli jamoamizni, ilmga chanqoq talabalarimizni qutlashdan behad baxtiyorman. Ta’kidlaganimizdek, ayni kunlar, soatlarda xalqimiz ham ushbu bayramni nishonlash ishtiyoqi bilan yashayotgani qalblarga ko‘tarinkilik, shodlik, g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. Ushbu ishtiyoq, zavq va istaklarni rag‘batlantirish maqsadida Sh.M.Mirziyoyev rahnamoligida istiqlolimizning 32 yillik tantanalarini munosib o‘tkazish maqsadida tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturi tasdiqlandi. U “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan shior ostida keng nishonlanmoqda.

Ma’lumki, istiqlol qo‘lga kiritilgandan keyingi davr mobaynida elimizning birdamlik bilan qilgan fidokorona mehnatlari milliy o‘zligimiz, qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, ezgu qadriyat va an’analarimiz qayta tiklandi, davlat va jamiyat hayotining tub asoslari yangi qiyofa kasb etdi va eng muhimi, mamlakatimiz dunyo hamjamiyatida e’tirof qilinib, o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi.

Ta’kidlashim zarurki, yaqin o‘tgan davr mobaynida yurtimizda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar, yangilanishlar, erishilayotgan qator yutuqlar negizida oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ham o‘z hissasi bor. Qolaversa, bunday yuksalishlarni universitetimizda faoliyat yuritayotgan har bir professor-o‘qituvchi, ishchi-xodim chuqur his qilgani holda ushbu jarayonlarga faol ishtirok etib kelayotgani ko‘ngillarimizni g‘urur va iftixorga to‘ldiradi.

Jamoamiz tomonidan har o‘quv yilida e’tirof etishga arzigulik muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. Albatta, universitet jamoasining bunday yutuqlarni qo‘lga kiritishida har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratilganligi katta ahamiyatga ega. Qayd etish zarurki, har yili universitetimiz hududida yangi bir binoning ochilish marosimini o‘tkazish an’ana tusini oldi.  Bunga Siz muhtaram professor-o‘qituvchilar, talabalar va universitetemizga tez-tez tashrif buyuruvchi mehmonlar ham guvoh bo‘lib turishibdi. Ayniqsa, talabalarga yanada qulay sharoitlar, keng imkoniyatlar yaratish bosh maqsadlarimizdan biriga aylandi. Xususan, yangi o‘quv binolari va TTJlar hamda yoshlar markazi kabilarning qurilishi, mavjud binolarning yangidan zamonaviy shaklda ta’mirlanishi, o‘quv materiallari bilan muntazam ta’minlanib borilishi shular jumlasiga kiradi.

Bundan tashqari, yangi o‘quv yilidan boshlab talabalarni yotoqxona bilan ta’minlash bo‘yicha onlayn tizim ishga tushirilgani olib borilayotgan tub islohotlarning natijasidir. Aytish kerakki, talabalarni turar joy bilan ta’minlash jarayonining raqamlashtirilganligi, eng avvalo, yoshlarning vaqt sarflamasdan, ortiqcha ovoragarchilik va qog‘ozbozliksiz, tez hamda oson yotoqxonaga joylashish imkoniyatini beradi. 

Shuningdek, universitetda talabalar turar-joylari va ijara xonadonlari bo‘yicha ma’lumotlar markazi ham o‘z faoliyatini boshlagani talabalarga yana bir yengillik yaratdi.

 Ana shunday jadal o‘zgarishlarning ro‘y berayotgani, zamonaviy inshootlarning qad rostlayotgani, yangi qulay tizimlarning joriy qilinayotgani ko‘pchilikni shu dargohda ta’lim berishni va olishni orzu qiladigan darajaga yetkazdi. Bir so‘z bilan aytganda, ayni vaqtda universitetimiz jahon standartlari talablariga to‘la javob beradigan moddiy-texnikaviy bazaga ega bo‘ldi. Bunday islohotlar, ayniqsa, faoliyatimizning asosi bo‘lgan ilmiy sohada sezilarli natijalar ko‘rsatishimizga zamin yaratmoqda. Universitetimiz hayotida o‘tgan bir yil ilmiy salohiyatni oshirish, ilmiy va innovatsion sohada qator yangilanishlar, ilmiy yutuqlarga erishish hamda xorijning eng ilg‘or tajribalarini o‘rganish, ularni milliy tajribalarga singdirgan holda fan va ta’lim sohasiga tatbiq etish davri bo‘ldi. Professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan o‘nlab monografiya, risola, darslik va o‘quv qo‘llanmalarining nashr ettirilishi, mamlakatimiz hamda xorijning nufuzli ilmiy jurnallarida chop etilayotgan maqolalar, Yanvar-avgust holatiga ko‘ra o‘ndan ortiq DSc va qirqqa yaqin PhD dissertatsiyalarning muvaffaqiyatli himoya qilingani, ilmiy salohiyatning esa 37.6 foizga oshgani ilmiy sohadagi yutuqlarimiz hamda pedagogik faoliyatimizning samarasi ekani barchamizni quvontiradi.

Qadrli hamkasblar!

Yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida universitetda faoliyat yuritayotgan har bir professor-o‘qituvchi, har bir talaba va har bir ishchi-xodim o‘tgan yildagidan ko‘ra yanada yaxshi natijalarga erishishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. O‘ylaymanki, ana shunday ezgu maqsadlarga intilishimiz boshlanayotgan yangi o‘quv yilida o‘z samarasini beradi. Ishonamanki, Siz azizlar oliygohda tahsil olayotgan iqtidorli, bilimli, zukko talaba-yoshlarni aniqlash, tarbiyalash, ularning fan olimpiadalarida munosib o‘rinlarni egallashini ta’minlash, Davlat stipendiyalari va mukofotlariga tavsiya qilish hamda yuksak natijalarga erishishlarida bor imkoniyatingiz, ilmingiz, salohiyatingiz va mehnatingizni ayamaysiz.

Mana shunday qutlug‘ lahzalarda barchangizni yana bir bor aziz va jonajon Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi hamda 2 sentabr – Bilimlar kuni munosabati bilan samimiy qutlayman. Sizlarga oilaviy baxt, tinchlik-xotirjamlik, mustahkam salomatlik, farovon hayot, yurt tinchligi, gullab-yashnashi va ravnaqi yo‘lida olib borayotgan ezgu ishlaringizda zafarlar yor bo‘lishini tilayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!  

 Qarshi davlat universiteti rektori
D. Nabiyev

Teglar: #tabrik