
Qashqadaryo yoshlari: orzular sari “El-yurt umidi” bilan
Qarshi davlat universitetida “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati va uning imkoniyatlarini keng targ‘ib etishga qaratilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” sifatida xorijda ta’lim olgan hamda hozirda viloyatimizda samarali faoliyat yuritayotgan iqtidorli yosh mutaxassislar ishtirok etdilar. Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida 2024-yil 28-iyun kuni faol yoshlar bilan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi bayonining 31-son topshirig‘iga muvofiq, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida tashkil etildi. Tadbir davomida ishtirokchilarga “El-yurt umidi” jamg‘armasining xorijda ta’lim olish imkoniyatlari, o‘qish jarayonini tashkil etish tartibi hamda qo‘llab-quvvatlash dasturlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, jamg‘arma ko‘magida xorijda tahsil olib, yurtimizga qaytgan yosh mutaxassislar tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy va innovatsion loyihalar taqdimoti namoyish etildi. Mazkur uchrashuv yoshlarni yangi g‘oya va tashabbuslarga ruhlantirish, ularning bilim hamda tajribalarini amaliyotga tatbiq etishga xizmat qildi.