
1- oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan rektor tabrigi
Muhtaram professor-o‘qituvchilar, ustoz va murabbiylar!
Inson tug‘ilganidan hayoti so‘ngiga qadar ma’naviy yo‘lboshchi – ustozga katta ehtiyoj sezadi. Insonning eng avvalgi ustozlari – ota-onasidir. Bola ilk bor dunyoni anglashni, so‘zlashni, yaxshi-yomonni ajratishni ular orqali o‘rganadi. Ammo aql-idrokni tanib, hayotda o‘z o‘rnini topishga intilganida ilm olish zarur bo‘ladi. Bu yo‘lda ustozsiz maqsadga erishish mumkin emas. Bu xususida islom dunyosining eng buyuk allomalaridan biri, mutafakkir Abu Homid G‘azzoliy shunday uqtiradi: “Ustozsiz ilm olishga kirishgan talaba adashib, to‘g‘ri yo‘ldan ozishi, ya’ni ilmning mohiyatidan uzoqlashib, o‘zini “halokatga” olib boradigan yo‘llarga kirib qolishi mumkin”.
Shu ma’noda aytish mumkinki, ustoz – ilmlarning kaliti, qalblarning nuridir. Ularning ma’rifat ziyosi bilan ongu shuurimiz yorishadi, ruhlarimiz esa sog‘lomlashadi. Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning ko‘plab nutqlarida ulug‘ kasb sohiblarining mas’uliyatli, mashaqqatli faoliyati, bu faoliyatning yurt kelajagiga ijobiy ta’siri, taraqqiyotiga qo‘shadigan benazr hissasi ko‘p bor e’tirof qilingan. Ayniqsa, prezidentimizning ustozlarga bildirilan quyidagi fikrlari ularning jamiyat hayoti, avlod ta’limi va tarbiyasidagi o‘rni qanchalar yuksak ekanining yorqin ifodasidir. “Vatan va xalq manfaati uchun mardona kurashadigan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, bilimli va bunyodkor avlodni kim tarbiyalaydi? Albatta, sizlar – zahmatkash va jonkuyar ustozlar.
Bugun yurtimizda inson qadriga munosabat tubdan o‘zgardi. Ayniqsa, kelajak avlod tarbiyasida hal qiluvchi o‘rin tutgan o‘qituvchilik kasbiga e’tibor kuchayib, ustozlar mehnati munosib rag‘batlantirilmoqda. Bu o‘z navbatida yoshlar kamoloti uchun o‘qituvchi mas’uliyatini oshirdi, oliy ta’lim va ilm-fan rivoji, ta’lim sifati hamda ilmiy izlanishlar samaradorligini yuksaltirishga xizmat qildi. Shu orqali iste’dodli yosh olimlar va talabalarning ilmiy faoliyatga qiziqishi yanada ortayotir. Buni quyidagi ma’lumotlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin. O‘tgan 2024 yil davomida universitetimizda PhD ilmiy darajasini olish uchun 208 ta, DSc ilmiy darajasini olish uchun esa 42 ta dissertatsiyalar himoya qilingan bo‘lsa, 2025 yil bu ko‘rsatkich PhD 236 ta DSc 48 taga yetdi. Biroq hali yil yakuniga qadar dissertatsiya himoyasini kutayotgan ko‘plab tadqiqotchilarimiz bor. Demak, bu ko‘rsatgich yana o‘sadi. Bundan tashqari, professor-o‘qituvchilarimizning darslik va o‘quv qo‘llanmalari soni ham sezilarli oshdi. Ularning ayrimlari eng yaxshi darslik va o‘quv qo‘llanma sifatida vazirlik, tegishli kengashlar va mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalaridagi olimlar tomonidan e’tirof etildi. Albatta, bularning hammasi ilmiy sohada erishilayotgan salmoqli yutuqlarimizdan hisoblanadi.
Jamiyat hayoti, yurt ravnaqida o‘qituvchi-pedagoglar naqadar muhim o‘rin egallashlari ko‘p bor ta’kidlangan. Chunki jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-ma’rifiy va ma’naviy salohiyati ta’lim tizimi qay darajada rivojlangani bilan belgilanadi. Tizimdagi islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq. Ayni sabab bilan prezidentimiz O‘qituvchi va murabbiylarga yo‘llagan tabriklaridan birida“Ta’lim sohasining yana bir muhim vazifasi — faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan, Vatan va xalq manfaatlarini qat’iy himoya qila oladigan, zamonaviy, keng fikrlaydigan yoshlar avlodini shakllantirishdan iborat”, deya ta’kidladilar. Bu, o‘z o‘rnida, har bir ustoz-murabbiy yanada mas’uliyat bilan faoliyat yuritishi zarurligini bildiradi. Ishonamanki, professor-o‘qituvchilardan tarkib topgan jamoamiz kelgusida ham yurtimizni ijtimoiy-siyosiy hayotga faol ishtirok etadigan kadrlar bilan boyitishda o‘zining sezilarli hissasini qo‘sha oladi.
Ustoz-murabbiylar inson ma’naviy dunyosining me’mori, jamiyat ertangi kunining bunyodkorlaridir. Shu nuqtai nazardan, dunyoning butun boyligi va bebaho xazinalari bilan ham ustoz-murabbiylar oldidagi qarzimizni uza olmaymiz. Ularning ulug‘ xizmatlari, fidoyi mehnatlarini hech qanday qiymat bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Zero, yosh avlodni ma’naviy barkamol, tafakkuri keng, bilimli va bunyodkor insonlar qilib tarbiyalayotgan muallimlarimiz siymosida biz kelajakning porloq istiqbolini ko‘ramiz. Ularning qo‘lida Vatan ravnaqi, el-yurt farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qiladigan, komil o‘g‘il-qizlarimiz voyaga yetmoqda. Shu bois yuragida g‘ayrat va shijoat jo‘sh urgan, yoshlar ta’lim-tarbiyasini oliy mas’uliyat deb bilgan aziz ustozlarga minnatdorlik bildirish har birimizning insoniy burchimizdir.
Muhtaram Ustozlar! Sizlarni ulug‘ ilmu ma’rifat ayyomi – O‘qituvchi va murabbiylar bayrami bilan samimiy qutlayman. Siz azizlarga sihat-salomatlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Qalbingizni hech qachon g‘ayrat va shijoat tark etmasin. Kadrlar tayyorlashdek sharafli kasbingizda ulkan muvaffaqiyatlar yor bo‘lsin!
Dilmurod NABIYEV, universitet rektori