
Qarshi davlat universiteti delegatsiyasi Niderlandiyaning Amsterdam shahrida bo‘ldi
Qarshi davlat universiteti rektori, professor Dilmurod Nabiyev boshchiligidagi delegatsiyaning Yevropadagi xizmat safari qizg‘in tarzda davom etmoqda. Tashrif doirasida delegatsiya Niderlandiyaning “oynalar shahri” sifatida tanilgan va yuqori texnologiyali issiqxonalari bilan mashhur bo‘lgan Amsterdam shahrida bo‘ldi. Mazkur tashrif World Horti Center – xalqaro ko‘rgazma va savdo markazidagi uchrashuv bilan boshlandi. Unda professor Dilmurod Nabiyev Qarshi davlat universitetining ta’lim, fan va innovatsiya sohalaridagi yutuqlari, talabalar va tadqiqotchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘z yuritdi. Uchrashuvda Westland munisipalitetining strategik maslahatchisi, West-Holland Greenport loyihalar menejeri Marga Vintges so'z olib, Westland hukumati, tadqiqot institutlari va biznes sub'yektlari o‘rtasidagi hamkorlik, shuningdek, agrosanoat sohasidagi innovatsion yechimlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Tadbirda, shuningdek, Inholand amaliy fanlar universiteti professori, doktor Caicheng Huang hamda Lentiz ta’lim guruhining xalqaro loyihalar bo‘yicha menejeri, professor Li Zeng ishtirok etdilar. Ular agrobiznes, biotexnologiya, xavfsiz oziq-ovqat ta’minoti, innovatsion ta’lim usullari va xalqaro hamkorlik istiqbollari haqida fikr almashishdi. Uchrashuv yakunida tomonlar qishloq xo‘jaligi, suv resurslaridan samarali foydalanish, ekologik barqarorlik va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, shuningdek, vertikal issiqxonalar qurilishi yo‘nalishida universitet xodimlari va talabalari o‘rtasida almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar.