Ma’rifat ulashib loyihasi mehmoni: Nilufar Umarova
Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan ezgulik, axloqiy g‘oyalar targ‘ibotiga asoslangan “Ma’rifat ulashib” loyihasining navbatdagi tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, Qarshi shahar 28-umumiy oʻrta taʼlim maktabida ham "Maʼrifat poydevorlari" mavzusida ijodiy-ma’rifiy uchrashuv oʻtkazildi. Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a‘zosi, Qarshi davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Nilufar Umarova so‘zga chiqib, “Ma’rifat ulashib” loyihasining mazmun-mohiyati, undan kutilayotgan natijalar, ma‘rifat tushunchasining inson ongi, bilimi va madaniyatini oshiruvchi ta‘lim-tarbiya ekanligi, bu borada kitobxonlikning o‘rni xususida fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi. Muloqot jarayonida Qarshi davlat universiteti Xotin-qizlar bilan ishlash va psixologik maslahat markazi boshlig'i Sh.Karamova, Mudofaa vazirligi huzuridagi Qashqadaryo viloyati jamoatchilik kengashi faxriylar kengashi raisi Sh.Maʼdiyev, Maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi vazirligining viloyat boshqarmasi mutaxassisi M.Kenjayev yurtimizda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida mutolaa madaniyatini shakllantirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida qilinayotgan ishlar xususida so’z yuritishdi. Tadbirda Nilufar Umarova ijodiga nazar tashlandi. O‘quvchilar shoira ijodidan namunalar aytishdi va oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Iqtidorli o‘quvchilar ma‘rifatparvar adiblar siymosini yaratishdi. Ular tomonidan tayyorlangan Choʻlponning "Kecha va kunduz" asarining teatrlashtirilgan sahna koʻrinishi yigʻilganlarga katta taassurot uygʻotdi.