QarDU talabasi xalqaro olimpiadada kumush medalni qo‘lga kiritdi
Xabaringiz bor, 25-30-noyabr kunlari Turkmanistonning Ashxobod shahrida joylashgan Maxtumquli nomidagi Turkman davlat universitetida talabalar o‘rtasida kimyo fani bo’yicha III xalqaro olimpiada bo‘lib o‘tdi. Unda mezbon Turkmaniston, shuningdek, Rossiya, Xitoy, Eron, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Armaniston, Ozarbayjon kabi xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan 200 nafardan ziyod talabalar qatnashdi. Olimpiada yakkalik va jamoaviy musobaqalarni o'z ichiga oldi. Ishtirokchilar noorganik va fizik kimyo, organik va analitik kimyo bo‘yicha murakkab nazariy va amaliy masalalarni yechish bo‘yicha bellashdilar. Yakkalik bahslari “A” va “V” toifalarida o‘tkazildi. Quvonarlisi, xalqaro olimpiadaning “V” toifadagi yakkalik bellashuvlarida Qarshi davlat universiteti kimyo ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Boboqulov Baxtishod Norpo‘latovich kumush medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, olimpiada bilan bir vaqtda Maxtumquli nomidagi Turkman davlat universitetida o‘tkazilgan “Kimyo fanini o‘qitishni takomillashtirish va zamonaviy kimyoviy texnologiyalarni rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada faol ishtirok etgani uchun Noorganik kimyo kafedrasi dotsenti Nigora Jo‘raqulova sertifikat bilan taqdilandi.