Millat fidoyilarini yod etib...

5-oktabr 2024
Universitet yangiliklari

Davlatimiz rahbarining joriy yil 19-iyundagi “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi PQ-270-son Qaroriga ko‘ra har yili oktyabr oyining birinchi haftasi mamlakatimizda "Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi" sifatida nishonlanadi. 

Xususan, xalqimizning mustaqillikka erishish yo‘lidagi ko‘p asrlik mardona kurashi, bu yo‘lda siyosiy qatag‘onga uchragan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyati hamda ularning xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari, davra suhbatlari, ta’lim muassasalari va mahallalarda uch avlod uchrashuvlari tashkil etiladi. 

Haftalik doirasida universitet tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida “Tarixiy xotira, ma’naviy va ruhiy tarbiya - Yangi O‘zbekiston poydevori” shiori ostida “Millat fidoyilarini yod etib: Jadidlarni o‘g‘limga sharhlab bergan el” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbir avvalida so‘z olganlar jadidchilik harakati asoslari, ularning ta’qibga olinishi, qatag‘on mashinasining dahshati haqida gapirib, Vatan va millat uchun jon fido qilgan o‘zbek xalqining buyuk farzandlari xotirasi hamisha barhayot ekanligini qayd etdilar. 

So‘ngra, “Qaqnus” talabalar teatr studiyasi tomonidan O’zbekiston xalq shoiri Usmon Azim qalamiga mansub "Kunduzsiz kechalar" asari asosida rejissiyor Muzaffar Fayziyev tomonidan sahnalashtirilgan spektakl namoyish etildi. Yosh talaba-aktyorlarining mahoratli ijrosi yig‘ilganlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Iqtidorli talabalar ijrosida monolog va yoqimli kuylar tadbirning ta’sirchanligini yanada oshirdi.