Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!

30-Avgust 2024, 07:37
Universitet yangiliklari

Qadrli hamkasblar, aziz talabalar! 

“Erk – manzilmas. Erk – yo‘ldir...”, deganida naqadar haq so‘zni aytgan edi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim. Darhaqiqat, hurlik bu – doim kurash, mehnat va mashaqqat, intilish bilan bosib o‘tiladigan va uning natijasida yangidan yangi marralar zabt etiladigan nihoyasiz yo‘ldir. Vatanimiz ham bugungi hurlik shabadasining esishi uchun uzoq kurashlarga to‘la shonli yo‘lni bosib o‘tdi. Ushbu yo‘lning Vatan uchun qanchalar qimmatga tushganini ko‘rgan ota-bobolar mustaqillik haqida gapirilganda ko‘zlariga yosh oladilar, bu ne’matning qadriga yetish haqida uzoq so‘zlaydilar. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev haqli ta’kidlaganlaridek, “Bundan o‘ttiz uch yil oldin o‘ta og‘ir va murakkab tarixiy vaziyatda qo‘lga kiritilgan milliy istiqlolimiz bugungi kunda ko‘p millatli butun xalqimizni Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek buyuk maqsad yo‘lida birlashtirib, yangi yutuq va marralar sari ilhomlantirmoqda” (“O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarordan).  

Mustaqillik bu – ulug‘ ne’mat. Bunga tarix guvoh, qonidan, jonidan kechgan jasur yurt farzandlari guvoh. Bugun qanday marralar, qanday ulkan natijalarga erishayotgan bo‘lsak, barchasiga istiqlol sabab. Yana qarorda aytiladiki: “Aynan mustaqillik tufayli mamlakatimiz suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatga, xalqaro huquqning to‘laqonli subyektiga aylandi. Dunyo bizni yangidan tanidi va tan oldi. Yer yuzidagi turli davlatlar va xalqlar bilan do‘stlik hamda hamkorlik aloqalarimiz tobora kengayib, yurtimizning xalqaro maydondagi mavqeyi va nufuzi ortib bormoqda”. 

Ta’kidlash joizki, istiqlol yillarida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar natijasida mamlakatimiz erkin va ozod xalqlar oilasida munosib o‘rnini topdi. Bir so‘z bilan aytganda, zamonaviy taraqqiyotga erishish orqali davlatimiz o‘zining mustaqilligini yanada mustahkamlamoqda. Albatta, bu ulug‘ va sharafli yo‘lda yurish, o‘zining o‘rnini saqlab qolish, uni yanada yuksaltirishning ulkan mas’uliyati ham bor. Bu mas’uliyatning yukini esa har bir fuqaro qalban chuqur his qilmog‘i, shu bilan birga, ushbu yukdan o‘ziga ulush olmog‘i lozim. Chunki bundan xalqning har bir vakiliga buyuk manfaat va yaxshiliklar bor. Ulug‘ faylasuf Iogann Gyote: “Xalqning g‘ayrati, aqli va yaxshi fazilatlariga yo‘l ochib beruvchi erkinliknigina qo‘llab-quvvatlash kerak”, deganida ayni shu jihatni nazarda tutgan. Bunga dalil sifatida iste’dodli yoshlarimizning har sohada o‘zlarini ko‘rsatayotganlirini keltirish mumkin. Birgina Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimizning olamshumul natija ko‘rsatgani, bayrog‘imizni yuksaklarga ko‘tarib, vatanimiz dovrug‘ini olamga yoyganini aytish kifoya. Bu iste’dodlarni istiqlol yetishtirganini zinhor unutmaslik kerak. Yurt ozodligi va obodligi yo‘lida birlashilsa, taraqqiyot sari birdamlik bilan dadil qadam bosilaversa, bunday zafarli yurishlarimiz davomli bo‘lishiga hech shubha yo‘q. 

Bu yilgi Mustaqillik tantanalarining “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – vatanmiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida jamlagan shior bilan o‘tkazilishi zamirida ham o‘ziga xos hikmat bor. E’tirof qilish joiz, istiqlol qo‘lga kiritilgandan keyingi davr mobaynida milliy o‘zligimiz, qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, ezgu qadriyat va an’analarimiz qayta tiklanishi, davlat va jamiyat hayotining tub asoslari yangi qiyofa kasb etishi, shuningdek, mamlakatimiz dunyo hamjamiyatida e’tirof qilinib, o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishida xalqimizning birdamlik bilan qilgan fidokorona mehnatlari bosh omil bo‘ldi. Ushbu birdamlik bilan yurtimizda erishilayotgan qator yutuqlar, bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar, yangilanishlar negizida oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ham katta hissasi bor. Sohamizning yurt ravnaqida naqadar muhim ahamiyat kasb etishini prezidentimizning “Yangi O‘zbekistonning asosiy ustuni – bilim, ta’lim va tarbiya bo‘ladi”, deyishidan ham anglash mumkin. Haqiqatan, mamlakatning ravnaq topishi va taraqqiyoti ilmli, salohiyatli kadrlarning yetishuvi hamda ularning salmog‘iga har jihatdan bog‘liq. Shu nuqtai nazardan qaraganda, ta’lim tizimini rivojlantirish bugunning eng dolzarb masalisidir. Unga davlat siyosati darajasida va eng ustuvor vazifa sifatida qaralayotgani ham bejiz emas. Bu o‘z o‘rnida mas’uliyatning katta qismi soha mutaxassislari, ya’ni bizning zimmamizga tushishini ko‘rsatadi. Albatta, bunday ulkan mas’uliyatni universitetimizda faoliyat yuritayotgan har bir professor-o‘qituvchi, ishchi-xodim ich-ichidan his qilib, ushbu jarayonlarga faol ishtirok etishiga aslo shubha yo‘q. Bunday deyishimizga asosli sabablar bor. Jamoamiz tomonidan har o‘quv yilida e’tirof etishga arzigulik muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. Albatta, universitet jamoasining bunday yutuqlarni qo‘lga kiritishida har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratilganligi katta ahamiyatga ega. Qayd etish zarurki, har yili universitetimiz hududida yangi bir binoning ochilish marosimini o‘tkazish an’ana tusini oldi.  Bunga siz muhtaram professor-o‘qituvchilar, talabalar va universitetemizga tez-tez tashrif buyuruvchi mehmonlar ham guvoh bo‘lib turishibdi. Ayniqsa, talabalarga yanada qulay sharoitlar, keng imkoniyatlar yaratish bosh maqsadlarimizdan biriga aylandi. Xususan, yangi o‘quv binolarining qurib topshirilishi, mavjudlarini zamonaviy qiyofaga keltirilishi, o‘quv materiallari bilan muntazam ta’minlanib borilishi shular jumlasiga kiradi. 

Bundan tashqari, universitetimizda prezident farmon va qarorlarida belgilab berilgan ustuvor vazifalar asosida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, so‘nggi uch yilda universitetimizda yuqori malakali professor-o‘qituvchilarni tayyorlash, talabalar salmog‘i va ta’lim sifatini oshirish maqsadida nufuzli xalqaro oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari rivojlanib bormoqda. Xususan, universitetimiz professor-o‘qituvchilarining xorijiy hamkor oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-amaliy stajirovkalar o‘tash ko‘rsatkichi 2022 yilda 15, 2023 yilda 26 nafarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 92 nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan. 

Shu bilan birga, universitet talabalarining akademik mobilligi 2022 yilda 59 nafar, 2023 yilda 40 nafarni tashkil qilib, ularga Rossiya Federatsiyasi, Slovakiya, Ispaniya, AQSH kabi davlatlarning oliy ta’lim muassasalarida bir semestr mobaynida ta’lim olib qaytish imkoniyati yaratildi. Joriy yilda ushbu akademik almashinuv dasturi asosida Rossiya Federatsiyasi, Belorussiya va Slovakiya kabi davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassalarida 126 nafar talabalarning ta’lim olishlari ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Hozirda xalqaro ta’lim dasturlari fakultetida Rossiya Federatsiyasi (Belgorod davlat milliy tadqiqot universiteti; Moskva davlat Lingvistika universiteti; Privoljsk tibbiyot tadqiqotlar universiteti) va Belarus Respublikasining (Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti) OTMlari bilan hamkorlikda 6 ta bakalavriat talim yo‘nalishlari va 4 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib jami, 259 nafar bakalavr va magistrlar tahsil olmoqda. Shulardan 75 nafari 2022/2023 o‘quv yilida hamkor OTMda (MDLU - 27 nafar; BelDU – 23 nafar bakalavr, 14 nafar magistr; GrodnoDU – 11 nafar) o‘qishini davom ettirmoqda. Xalqaro ta’lim dasturlari fakultetiga 2023/2024 o‘quv yilida bakalavriatga 82 nafar va magistraturaga 16 nafar talaba qabul qilindi.

Qadrli hamkasblar!

Bugun ta’limga berilayotgan e’tibor har jihatdan kuchaydi. Mustaqilligimizning o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan 24 avgust kuni prezidentimiz imzolagan farmonga ko‘ra bir qator oliy ta’lim va ilm-fan fidoyilari, professor-o‘qituvchilar ham mukofotlangani bunga yorqin dalildir. Ayniqsa, ular orasida universitetimiz professor-o‘qituvchilaridan Abduraxim Irkayevning “El-yurt hurmati”, Nafas Shodmonovning “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangani, Nilufar Xidirovaning esa “Jasorat” medali bilan taqdirlangani ko‘ngillarimizni faxr-iftixorga to‘ldirdi.

 Albatta, oliy ta’limga qaratilayotgan katta e’tibor, o‘z o‘rnida,  sohadagi talablarni ham orttirib boradi. Ishonamanki, sizning sharafli mehnatingiz, ishingizga bo‘lgan yuksak muhabbatingiz, qolaversa, ilm yo‘lidagi jonkuyarligingiz va fidokorligingiz natijasida boshlanayotgan yangi o‘quv yilida ham yuqori natijalar ko‘rsata olamiz. Siz azizlar oliygohda tahsil olayotgan iqtidorli, bilimli, zukko talaba-yoshlarni aniqlash, tarbiyalash, ularning fan olimpiadalarida munosib o‘rinlarni egallashini ta’minlash, Davlat stipendiyalari va mukofotlariga tavsiya qilish hamda yuksak natijalarga erishishlarida bor imkoniyatingiz, ilmingiz, salohiyatingiz bilan mehnat qilib, mustaqil Vatanimiz rivojiga mislsiz hissa qo‘shasiz!

Qutlug‘ ayyom arafasida barchangizni aziz va jonajon Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi hamda 2 sentabr – Bilimlar kuni munosabati qutlashdan behad mamnunman. Siz aziz professor-o‘qituvchi, ishchi-xodim va talabalarga oilaviy baxt, tinchlik-xotirjamlik, mustahkam salomatlik, farovon hayot tilayman! Yangi O‘zbekistonimizning taraqqiyoti, tinchligi, barqarorligi yo‘lida olib borayotgan ezgu ishlaringizda zafarlar yor bo‘lsin!