Xon atlasda ko‘rkam liboslar

13-sentabr 2024
Universitet yangiliklari

Milliy liboslarimizda xalqimizning asrlarga teng o‘tmishi, urf-odati va an’analari, didi, estetik qarashlari, o‘ziga xos xususiyatlari mujassamligini namoyish etish va targ‘ib qilish maqsadida ayni kunlarda yurtimizda “Xon atlas” festivali bo‘lib o‘tmoqda. Bugun Filologiya fakultetida “Xon atlasda ko‘rkam liboslar” mavzusida tashkil etilgan tadbirda oliygoh ayol professor-o‘qituvchilari va talaba-qizlari milliyligimizni tarannum etuvchi atlas, adras hamda boshqa milliy matolardan tikilgan liboslar bilan faol ishtirok etdilar. 

Ma’ruzalarda atlas va adras kabi ko‘zni quvnatadigan, yorqin ranglari, takrorlanmas naqshlari bilan kishiga xush kayfiyat bag‘ishlaydigan milliy matolarimizning muxlislari butun dunyoda topilishi e’tirof etildi. Yoqimli kuy-qo‘shiqlar hamda milliy va zamonaviy dizayn uyg‘unligida tikilgan liboslar namoyishi tadbirga o‘zgacha shukuh va mazmun bag‘ishladi.