Qashqadaryolik Paralimpiyachilar tantanali kutib olindi

11-sentabr 2024
Universitet yangiliklari

Xabaringiz bor, joriy yilning 28-avgustidan 8-sentabrga qadar Parij XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlariga mezbonlik qildi va unda yurtimiz sportchilari delegatsiyasi safida qashqadaryolik 8 nafar para sportchi 6 ta sport turidan 21 ta litsenziya bo‘yicha bahslarda ishtirok etdi.

Quvonarlisi, ular safida para yengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida T11 klassida uzunlikka sakrash bellashuvlarida ishtirok etgan Asila Mirzayorova 5.24 metr natija qayd etgan holda yurtimiz delegatsiyasiga birinchi oltin medalni olib berdi va 28 yil davomida saqlanib kelgan Paralimpiya rekordini yangiladi.

Shuningdek, para dzyudo bo‘yicha erkaklar o‘rtasida J2 klassida -90 kg vazn toifasida ishtirok etgan Qarshi davlat universitetining sobiq talabasi Dovurxon Karomatov bronza medalini qo‘lga kiritdi va ikkinchi bor Paralimpiya o‘yinlari sovrindori bo‘ldi.

Tarixiy natijalarga o‘z g‘alabasi bilan munosib hissa qo‘shgan sportchilarimiz 10-sentabr kuni Qarshi shahrida katta tayyorgarlik bilan qarshi olindi. Tantanali kutib olish marosimida Qarshi davlat universiteti jamoasi ham faol ishtirok etdi.