Talabalarga qulaylik: Qarshi davlat universitetida Turizm amaliyot markazi va Muqobil energiya manbalaridan foydalanish laboratoriyasi foydalanishga topshirildi
29-iyul kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Qashqadaryo viloyatiga qilgan xizmat safari davomida Qarshi davlat universitetida yangidan foydalanishga topshirilayotgan Turizm amaliyot markazi va Muqobil energiya manbalaridan foydalanish laboratoriyasining ochilish marosimida ishtirok etdi. So‘ngra Tibbiyot fakulteti Biokimyo va Mikrobiologiya o‘quv laboratoriya xonalari, Akademik faoliyat va registrator boshqarmasi (Talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi) ham ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, vazir Q.Sharipov mas’ullar hamrohligida universitetda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, joriy o‘quv yilida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan 1000 o‘rinli o‘quv binosida bo‘lib, tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.
Oxirgi yillarda universitet qiyofasi tamomila o‘zgardi. Zamonaviy binolar qad rostlab, moddiy-texnik baza yangilandi, - deydi universitet rektori, professor Dilmurod Nabiyev. –Kelayotgan yangi o‘quv yilini yanada yaxshilangan sharoitlarda qarshi olmoqchimiz. Chunki sifatli ta’lim uchun yaratilayotgan bu imkoniyatlar talaba-yoshlarning kelgusida bilimli va dunyoqarashi keng kadrlar bo‘lib kamol topishida muhim poydevor vazifasini o‘taydi.
Shu kuni vazir boshchiligida viloyatdagi davlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Unda yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish, ilg‘or muhandislik maktablarini tashkil qilish, ilmiy-tadqiqot ishlarini jonlantirish, bitiruvchilar bandligini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarini oldini olish va ta’lim sifatini oshirish kabi bir qator masalalar muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, ochilish marosimi o‘tkazilgan Muqobil energiya manbalaridan foydalanish laboratoriyasi fotoelektrik quyosh qurilmalarini ishlashini va quyosh panellarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi monitoringini olib borishga mo‘ljallangan bo‘lib, u yerda muqobil energiya manbalari yo‘nalishida ta’lim oladigan talabalarning amaliyot o‘tashi hamda magistrantlar va yosh olimlarning dissertatsiyalari uchun ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish imkoniyati yaratilgan.
Shuningdek, foydalanishga topshirilgan Turizm amaliyot markazi turizm va mehmondo‘stlik ta’lim yo‘nalishining bakalavr va magistrantlari uchun xizmat ko‘rsatish sohasida nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash imkoniyatini yaratadi. Markaz 4 yulduzli darajadagi mehmonxona andozasida bunyod etilgan bo‘lib, mehmonlarni kutib olish, joylashtirish, umumiy ovqatlantirish xizmatlari, anjumanlar zali va o‘quv xonasini o‘z ichiga oladi.