“Guruh murabbiylari uchun ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirishning ustuvor vazifalari” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi

27-Yanvar 2024, 08:06
Universitet yangiliklari

Joriy yilning 24-26-yanvar kunlari universitetning barcha fakultetlarida “Guruh murabbiylari uchun ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirishning ustuvor vazifalari” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi. Xabar berilganidek, seminarlarda Falsafa va sotsiologiya kafedrasi mudiri, professor S.Choriyev, kafedra dotsenti A.Shaymanova, Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari kafedrasi dotsenti Z.Boymurodovning “Davlatimiz rahbarining 2023-yil 22-dekabrda Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida so‘zlagan nutqining mazmun-mohiyati” va “Ta’lim muassasalaridagi ma’naviy tarbiyani optimallashtirish vazifalari” mavzularida ma’ruzalari tinglandi.

Bugungi kunda universitetda tahsil olayotgan talaba-yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samarasi va ta’sirchanligini oshirish, xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, professor-o‘qituvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish, universitetni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish maqsadida rahbariyat tashabbusi bilan kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan akademik guruhlarga guruh murabbiylari biriktirish amaliyoti joriy etildi.

Ayni maqsadda universitet rektorining joriy yil 16-yanvardagi tegishli buyrug‘i bilan barcha fakultetlarda mavjud 460 ta akademik guruhlarga tegishli malaka talablariga javob beradigan, yoshlar bilan ishlash tajribasiga va yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar guruh murabbiyi sifatida biriktirildi. Tadbirlarda guruh murabbiylarining asosiy vazifalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Yakunda mavzuga oid bir qator fikr-mulohazalar almashilib, o‘zaro savol-javoblar o‘tkazildi va ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.