Guruh murabbiylari uchun ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish
Joriy yilning 24-yanvar kuni Pedagogika fakulteti faollar zalida “Guruh murabbiylari uchun ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish” mavzusida o‘quv seminar o‘tkazildi. Unda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O.Qo‘ziyev, Falsafa va sotsiologiya kafedrasi mudiri, professor S.Choriyev, kafedra dotsenti A.Shaymanova, Pedagogika, San’atshunoslik va Sport fakultetlarining Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosarlari, guruh murabbiylari, Yoshlar bilan ishlash bo‘limi tyutorlari ishtirok etdi. Seminarni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O.Qo‘ziyev kirish so‘zi bilan ochib, yoshlar tarbiyasiga e’tibor dolzarb masala ekanligini alohida ta’kidladi.
O‘quv-seminarda Falsafa va sotsiologiya kafedrasi mudiri, professor S.Choriyev “Ta’lim muassasalaridagi ma’naviy tarbiyani optimallashtirish vazifalari”, dotsent A.Shaymanova “Davlatimiz rahbarining 2023-yil 22-dekabrda Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida so‘zlagan nutqining mazmun-mohiyati” mavzularida ma’ruza qilishdi. Yig‘ilishda guruh murabbiylari o‘ziga biriktirilgan guruh talabalarining ta’lim olishlariga va darsdan bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga ko‘maklashishi, talabalarning davomat ko‘rsatkichlarini yaxshilash, ularning ijtimoiy (oilaviy) holatidan doimiy xabardor bo‘lish va talabalar turar joylarida, ijarada hamda o‘z uylarida yashovchi talabalarning yashash holatini o‘rganib borish asosiy vazifasi ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, iste’dodli va iqtidorli talabalar bilan individual ishlash, talabalarni turli konferensiyalar, seminarlar, respublika va xalqaro miqyosdagi olimpiada hamda forumlarda ishtirok etishlarini ta’minlashi muhimligi qayd etildi. O‘quv-seminarlar belgilangan grafikka asosan boshqa fakultetlarda ham davom etmoqda.