O‘zbekistonning ixtirochi ayollari Koreyadagi xalqaro ko‘rgazmada sovrindor bo‘ldi

31-Iyul 2023, 15:14
Universitet yangiliklari

Koreya Ixtirochi ayollari assotsiatsiyasi (KWIA), Koreya Intellektual mulk ofici (KIPO) va Xalqaro intellektual mulk tashkiloti (WIPO) tomonidan Koreya Xalqaro ixtirochi ayollar ko‘rgazmasi – “KIWIE-2023” bo‘lib o‘tdi. Unda 40 dan ziyod davlatdan 400 nafardan ortiq olima, ixtirochi va tadbirkor xotin-qizlar texnika, texnologiya, tibbiyot, oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo va sanoatning turli yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z ixtirolari hamda innovatsion ishlanmalari bilan qatnashdi.  

“KIWIE-2023”da ishtirok etgan O‘zbekiston olima ayollari  delegatsiyasi a’zolari ilm-fanda erishgan natijalari va innovatsion  mahsulotlarini namoyish qildi. O‘zbekiston olima ayollarining ixtirolari ko‘rgazmaga tashrif buyurganlarda katta qiziqish uyg‘otdi va xalqaro ekspertlar tomonidan ham  o‘rganildi.  

“KIWIE-2023” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etgan O‘zbekiston  olima ayollari 4 ta oltin, 5  ta kumush, 1 ta bronza medal  va  tibbiyot, texnika, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha 5 ta maxsus mukofotni qo‘lga kiritdi. Ahamiyatlisi, mamlakatimiz olima ayollari qatorida ko‘rgazmada qatnashgan Qarshi davlat universiteti dotsenti Muhabbat Diyorova kumush medalga sazovor bo‘ldi. Hamkasbimizni ushbu yuksak e’tirof bilan chin dildan qutlaymiz.