Xalqaro ilmiy stajirovka: yangi tajriba va hamkorlik

12-Sentabr 2026, 12:17
Universitet yangiliklari

Qarshi davlat universiteti Fransuz tili yo‘nalishi dotsenti A.Zoirova Fransiyaning Université Côte d’Azur universitetida ilmiy-pedagogik stajirovka o‘tab qaytdi. Stajirovka davomida u zamonaviy xalqaro ta’lim tajribasi, ilmiy-tadqiqot yondashuvlari, fransuz tilini o‘qitishning zamonaviy metodlari hamda innovatsion pedagogik qarashlarni o‘rgandi. Shuningdek, universitetning ta’lim va ilmiy faoliyatini tashkil etish, ta’lim sifatini ta’minlash va xalqaro akademik hamkorlik mexanizmlari bilan yaqindan tanishdi. Stajirovkaning muhim natijalaridan biri A.Zoirova va Alliance Française de Nice rahbari David Vandevelde o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib, unda ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Shuningdek, Université Côte d’Azur va Qarshi davlat universiteti o‘rtasida “2+2” formatidagi qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etildi. Unda Iqtisodiyot va menejment yo‘nalishlarida qo‘shma dastur tashkil etish, talabalar akademik mobilligi va professor-o‘qituvchilar almashinuvini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur stajirovka QarDUning xalqaro akademik hamkorligini kengaytirish, qo‘shma tadqiqot va ta’lim loyihalarini rivojlantirish uchun muhim amaliy qadam bo‘ldi.