Qarshi davlat universitetida “Birinchi kurs maktabi” tanishtiruv haftaligi bo‘lib o‘tmoqda!

12-Sentabr 2026, 04:46
Universitet yangiliklari

Qarshi davlat universitetiga qabul qilingan 1-bosqich talabalarining universitet muhitiga moslashishi va ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishishini ta’minlash maqsadida “Birinchi kurs maktabi” tanishtiruv haftaligi doirasida qator ma’rifiy, amaliy va tanishuv tadbirlari o‘tkazilmoqda. Tadbirlar davomida talabalar universitet rektorati, fakultet va kafedralar faoliyati bilan tanishib, “Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi” va “Halollik vaksinasi” mavzularidagi davra suhbatlarida ishtirok etmoqdalar. Shuningdek, universitet kampusi, Kutubxona, Talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi hamda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga sayohatlar uyushtirilmoqda. Tanishtiruv haftaligi davomida talabalarga oliy ta’limdagi kredit-modul tizimi, baholash tartibi, grantlarni qayta taqsimlash qoidalari (Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-martdagi 149-son qarori), universitetning ichki tartib va Odob-axloq kodeksi, shuningdek, shartnoma va TTJ to‘lovlari bo‘yicha batafsil tushunchalar berilmoqda. Shu bilan birga, talabalarning ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanishi, yot g‘oyalardan himoyalanishi, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi mazmun-mohiyatini anglashiga, shuningdek, Yoshlar ittifoqi va jamoatchilik tashkilotlari bilan hamkorligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Kiberxavfsizlik oyliklari” doirasida “Raqamli gigiyena soati” darsdan tashqari mashg‘ulotlari ham tashkil etilmoqda. Muhim jihati shundaki, tanishtiruv haftaligi davomida 1-bosqich talabalari orasidan iqtidorli, ilmiy-tadqiqot ishlariga qiziquvchi, sport va san’at sohasida yutuqlarga erishgan hamda jamoat ishlarida faol yoshlar saralanib, ularning dastlabki ro‘yxati shakllantirilmoqda.