Qashqadaryo viloyatida “Inkubatsiya dasturi” muvaffaqiyatli yakunlandi

19-Mart 2026, 11:41
Universitet yangiliklari

Qashqadaryo viloyatida yosh innovatorlar va startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan “Inkubatsiya dasturi o‘quv-mashg‘uloti” muvaffaqiyatli yakuniga yetdi. Dastur doirasida Pitch Day hamda g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur dasturga viloyat bo‘yicha jami 31 ta loyiha qabul qilinib, saralash natijasida 19 ta loyiha inkubatsiya bosqichida ishtirok etdi. Ishtirokchilar ijtimoiy soha, energetika, iqtisodiyot, turizm, sog‘liqni saqlash, sun’iy idrok hamda robototexnika yo‘nalishlarida o‘z innovatsion g‘oyalarini taqdim etdilar. Yakuniy Pitch Day jarayonida jamoalar o‘z startap loyihalarini ekspertlar oldida himoya qilib, eng istiqbolli g‘oyalar saralab olindi hamda faol ishtirokchilar sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Quvonarlisi, Qarshi davlat universiteti talabalari yuqori natijalarni qayd etib, faxrli o‘rinlarni egalladi:
1-o‘rin — Elbek Ermuminov (Iqtisodiyot fakulteti, 2-kurs)
2-o‘rin — Gulrux Ismoilova (Iqtisodiyot fakulteti, 3-kurs)
3-o‘rin — Mashhura Mustafoyeva (San’atshunoslik fakulteti, 2-kurs)

Mazkur natijalar yoshlarning bilim, izlanish va innovatsiyaga bo‘lgan intilishining yorqin ifodasidir.