Bo‘lg‘usi shifokorlar qasamyod qabul qildi

12-Noyabr 2024, 07:42
Universitet yangiliklari

Har bir shifokor o‘z faoliyatini boshlash oldidan, albatta, qasamyod qiladi. Bemor qanday inson, qaysi millat vakili bo‘lishidan qat’iy nazar davolashga, tibbiy yordam berishga ahd qiladi, shu vazifani, mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Viloyat musiqali drama teatrida Qarshi davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, ota-onalar va Tibbiyot fakulteti talabalari ishtirokida “Talabalikka bag‘ishlov” tadbiri bo‘lib o‘tdi. 

Dastlab Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha birinchi prorektor O.Kuziyev fakultetning 1-bosqich talabalariga yo'llangan “Rektor tabrigi”ni o‘qib eshittirdi hamda bo‘lajak shifokorlarning o‘qish va ishlarida ulkan zafarlar tiladi. Joriy o‘quv yilida Tibbiyot fakulteti talabalari safiga 285 nafar o‘g‘il-qizlar qo‘shildi. Bo‘lg‘usi shifokorlar qasamyod qabul qilish orqali teran bilim olishni, kasbni mukammal egallab, xalqimizga vijdonan xizmat qilishni maqsad qilishdi. 

Shifokorlik - sharafli va ayni damda o‘ta mas’uliyatli kasb. Bu zahmatli faoliyatga umrini baxshida etmoqchi bo‘lgan yoshlar kelgusida nafaqat egnidagi oq libosi, balki qalbiga ham gard yuqtirmasliklari lozim. Bemorlarga o‘z jon-jigarlari, yaqinlaridek munosabatda bo‘lish uchun esa, avvalo, pokiza niyat, olijanob maqsad va qat’iy ahd zarur. Tadbir davomida faol talabalar taqdirlandi. Qiziqarli sahna ko‘rinishlari, go‘zal kuy-qo‘shiqlar bayram tadbiriga o‘zgacha mazmun kasb etdi.