Talaba-qizlar bandligi doimiy e’tiborda
Talabalar bandligini ta’minlash maqsadida Qarshi davlat universitetida “Chevar qizlar” tikuvchilik sexi tashkil etilgan. Bu yerda universitet ichki ehtiyojlaridan kelib chiqib, talabalar turar joylari uchun tikuv-trikotaj buyumlari (yuqori sifatli sochiq, choyshab, matras, yostiq jildlari) ishlab chiqariladi. Tikuvchilik sexida 2 smenada ish tashkil qilingan bo‘lib, 20 nafar talaba-qizlar ish bilan ta’minlangan.
Ish jarayonida tikuv sexi ish yurituvchisi, Texnologik ta’lim kafedrasi o‘qituvchisi T.Qahhorova tomonidan boshlang‘ich tikuvchilikka tayyorlash, milliy kiyimlar tarixi, tikuv mashina jihozlari tuzilishi, tikuv buyumlarni konstruksiyalash va jihozlash, tikuvchilik texnologiyasi oid bilimlar ham berib boriladi. Mazkur tikuvchilik sexida ijtimoiy himoyaga muhtoj talaba-qizlarni o‘qitish va keyinchalik tadbirkorlik qilish orqali qo‘shimcha daromad topishlari maqsad qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, “Chevar qizlar” tikuvchilik sexi 2022-yil 10-mart kuni ish boshlagan bo‘lib, hozirda sex faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida alohida tikuv xonasi tashkil etildi hamda qo‘shimcha 10 ta yangi zamonaviy rusumdagi tikuv mashinalari xarid qilindi.