Vatan - sarmanzili saodatimdir! 

2-noyabr 2024
Universitet yangiliklari

Viloyat musiqali drama teatrida Qarshi davlat universiteti professori,  filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, "Do‘stlik" ordeni sohibi Nafas Shodmonovning "Vatan - sarmanzili saodatimdir!" deb nomlangan ijodiy kechasi bo‘lib o‘tdi. Unda taniqli ijodkorlar, tilshunos va adabiyotshunos olimlar, universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar, keng jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi san'at arbobi I.To‘rayev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professorlari N.Jabborov, U.Jo‘raqulov, Muqimiy nomidagi akademik musiqali drama teatri bosh rejissori D.Haqberdiyev, Qarshi davlat universiteti Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha prorektori O.Kuziyev so‘z olib, kecha qahramonining ilmiy, adabiy, dramaturglik faoliyati, umr yo‘li, chin insoniy fazilatlari haqida to‘xtaldilar.

Shu kuni Nafas Shodmonovning hayoti va ijodi haqida videolavha namoyish etilib, she'rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlar ijro etildi. Jumladan, taniqli xonandalar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist O.Xalilova, "Shuhrat" medali sohibi U.Quvvatov, shuningdek, O.Ismoilov, I.Qurbonov, H.Salohiddinov, I.Jumanov, B.Boltayev, E.Rustamovning dilbar qo‘shiqlari kechaga o‘zgacha fayz kiritdi. Tadbir davomida viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan Nafas Shodmonov qalamiga mansub "Abu Muin Nasafiy", "Oqsaroy" va "Qobil ila Hobil" asarlari asosida sahnalashtirgan spektakllardan parchalar namoyish etildi.

Ayniqsa, ijodiy kecha mehmonlaridan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, "Mehnat shuhrati" va "Do‘stlik" ordenlari sohibi Turg‘un Beknazarov, "Madaniyat va san'at fidokorlari" ko‘krak nishoni sohiblari Nurbek Mamatov hamda Gulasal Rahmonovaning "Baxshi" musiqali dramasidan kichik ko‘rinishlarni mahorat bilan ijro etganliklari tomoshabinlarning davomiy olqishiga sazovor bo‘ldi. Tadbir yakunida Nafas Shodmonov barchaga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.