“Til bilimdonlari” respublika ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan talaba va o‘quvchilar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish, shuningdek, talaba-yoshlarning darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, davlat tilining nufuzini mustahkamlash, yoshlar orasida o‘zbek tiliga hurmatni oshirish maqsadida “Til bilimdonlari” respublika ko‘rik-tanlovi o’tkazilmoqda. Qarshi davlat universitetida mazkur tanlovning hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda dastlabki saralash bosqichidan yuqori ball bilan o‘tgan viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalaridan 18 nafar talabalar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Hududiy bosqichda ishtirokchilar mas’ul kuzatuvchi nazorati ostida o‘z telefonlari orqali saralash bosqichida bo’lgani kabi o‘zbek tili imlo qoidalari, tinish belgilarining qo‘llanilishi, savodxonlik va davlat tili to‘g‘risidagi qonun bo‘yicha tuzilgan jami 50 ta test savollarini ishladilar va har bir testga javob berish uchun 40 soniyadan vaqt belgilandi. Tez orada yakuniy natijalar e’lon qilinadi. Ma’lumot uchun, tanlov nizomiga ko‘ra, respublika final bosqichida hududiy bosqichlarda 1-2-3-o‘rinni egallagan qatnashchilar ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladi.