Qashqadaryoda ilk bor to‘liq nemis standartiga asoslangan kasbiy ta’lim tizimi joriy qilinadi
Qarshi davlat universitetida "Qashqadaryo viloyatida nemis standartiga asoslangan kasbiy ta’lim tizimni joriy etish" yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov, viloyat OTM rektorlari ishtirok etdi. Taqdimotda viloyat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i O.Mavlonov ushbu yo‘nalishda Qashqadaryoda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha batafsil ma'lumot berdi. Ma'lum qilinishicha, Germaniyaning Leypsik shahar Hunarmandchilik palatasi va Avestos kompaniyasi bilan hamkorlikda G‘uzor tuman va Shahrisabz shahar 1-son politexnikumlarida nemis ta’limi standartiga asoslangan kasbiy ta’lim tizimi joriy qilindi. Loyiha doirasida 8 nafar o‘qituvchilar Metallar texnologiyasi hamda Bino va inshootlar qurilishi kasbi bo‘yicha Germaniyada malaka oshirdilar. Joriy yilning sentyabr oyida germaniyalik ekspertlar ta’lim muassasalariga tashrif buyurib, nemis ta’lim standarti asosida o‘qitishga ruxsat beruvchi guvohnomalarni topshirdilar.Endilikda mazkur loyiha doirasida o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan politexnikum bitiruvchilariga Germaniya Hunarmandchilik palatasi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan diplomlar beriladi. Muloqotda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov mazkur istiqbolli loyihani yurtimizning barcha viloyatlarida joriy qilish lozimligini qayd etdi.