Zamonaviy geografiyada innovatsion g‘oyalar: Raqamli iqtisodiyot va GIS texnologiyalar

28-Oktabr 2024, 06:23
Universitet yangiliklari

25-26-oktyabr kunlari Qarshi davlat universiteti Geografiya va agronomiya fakulteti Geografiya kafedrasi tomonidan “Zamonaviy geografiyada innovatsion g‘oyalar: Raqamli iqtisodiyot va GIS texnologiyalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Ushbu xalqaro anjumandan tabiiy geografiya, geoekologiya va tabiiy resurslardan foydalanishda innovatsion g‘oyalar, ilmiy-nazariy va amaliy masalalar, iqtisodiy va ijtimoiy geografiyada raqamli iqtisodiyot: muammo va istiqbollar, global va mintaqaviy iqlim o‘zgarish sharoitida gidrologiya va gidrometeorologiyaning ilmiy-nazariy va amaliy masalalari, geodeziya va kartografiya, GIS texnologiyalarida zamonaviy tadqiqotlar, turizm va rekreatsiyani rivojlantirishning geografik muammolari va imkoniyatlari, zamonaviy geografiya ta’limi: toponimika va geografik terminshunoslikda muammolar va istiqboldagi vazifalarining yechimiga qaratilgan ma’ruzalar o‘rin egalladi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada Rossiya Federatsiyasi, Eron Islom Respublikasi, Filippin, Keniya, Janubiy Afrika Respublikasi, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston respublikalari hamda mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalarining olimlari va yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi. 

Konferensiya ishtirokchilari mahalliy va xorijiy mutaxassislarning geografiya, ekologiya, global iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy va ijtimoiy geografiya sohalaridagi yangi yondoshuvlar, geodeziya, kartografiya va turizm sohasini GIS texnologiyalari asosida o‘rganish bo‘yicha tadqiqot natijalari bilan yaqindan tanishdilar. Anjuman sho‘balarga bo‘lingan holda davom ettirildi.