Mirzo Ulug'bek ilm-fan homiysi

22-Oktabr 2024, 05:47
Universitet yangiliklari

Buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida Prezident qarori imzolandi.  

Qarorning 6-bandida Mirzo Ulug‘bekning hayoti, uning davlat arbobi sifatidagi faoliyati hamda jahon ilm-fani va tamadduni rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida, shuningdek, ta’lim tashkilotlari va mehnat jamoalarida keng targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish choralarini ko‘rish vazifasi belgilangan. 

Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Geografiya va agronomiya hamda Tarix fakultetlarida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Tadbirlarda Mirzo Ulug‘bekning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi, astronomiya sohasidagi yutuqlari va davlatchilik tarixida tutgan o‘rni haqida batafsil so‘zlab berildi. Uning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” va “To‘rt ulus tarixi” nomli asarlari bugungi kunga qadar dunyo olimlari uchun muhim manba bo‘lib kelayotgani urg‘ulandi. 

Qayd etilganidek, Mirzo Ulug‘bek tashabbusi va homiyligi ostida ko‘plab madrasalar, maktablar, kutubxonalar, masjidlar, karvonsaroylar, ko‘priklar va bog‘lar barpo etilgan. Tadbirlar yakunida Mirzo Ulug‘bek va boshqa buyuk ajdodlarimiz merosini yoshlar o‘rtasida kengroq  targ‘ib qilish muhim ekanligi ta’kidlandi.