Yoshlar uchun ta’lim imkoniyatlari: “El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari Qarshi davlat universitetida

26-Mart 2026, 09:51
Universitet yangiliklari

24–31-mart kunlari mamlakatimizda xalqaro ta’lim dasturlarini keng joriy etish, yoshlarni global akademik hamjamiyatga jalb etish va O‘zbekistonning inson kapitalini mustahkamlashga qaratilgan ta’lim marafoni — “El-yurt umidi” jamg‘armasi kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Shu doirada Qarshi davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi Maqsadli stajirovkalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i G‘olibjon Xatamov yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirni universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Ilxom Bekpulatov kirish so‘zi bilan ochdi. Uchrashuv davomida jamg‘arma faoliyati, xorijda magistratura va doktoranturada o‘qish, grant va stipendiyalar olish imkoniyatlari, shuningdek, ariza topshirish, hujjatlarni tayyorlash va tanlov jarayonlarida ishtirok etish bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi. Tadbir yoshlar uchun qiziqarli va foydali bo‘lib, ular uchun ta’lim va ilm-fan sohasidagi keng imkoniyatlarni ochib berdi.