Doktorantlar uchun akademik harakatchanlik va xorijiy stajirovkalar bo‘yicha seminar o‘tkazildi

25-Fevral 2026, 04:32
Universitet yangiliklari

Qarshi davlat universitetida Innovatsion rivojlantirish agentligining Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi bilan hamkorlikda doktorantlar uchun “Akademik harakatchanlik” va “Xorijiy ilmiy stajirovkalar” mavzusida seminar tashkil etildi. Seminarning asosiy maqsadi yosh tadqiqotchilarni xalqaro ilmiy makonga integratsiya qilish, ularning ilmiy salohiyatini yuksaltirish hamda akademik mobilligini oshirishdan iborat bo‘ldi. Tadbir davomida ishtirokchilarga xorijiy stajirovka dasturlarida qatnashish tartibi, grant va akademik mobillik loyihalariga hujjat topshirish mexanizmlari, shuningdek, respublika va xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Shu bilan birga, ilmiy natijalarni nufuzli xalqaro jurnallarda e’lon qilish, ilmiy nashrlar sifatiga qo‘yiladigan talablar hamda akademik tarmoqlarni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Mazkur seminar universitetda ilmiy-tadqiqot faoliyatini yanada faollashtirish, doktorantlarning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirish va ularni zamonaviy ilmiy muhitga samarali integratsiya qilishga xizmat qiladi. Ma’lumot o‘rnida, respublika va xalqaro miqyosdagi stajirovkalar uchun arizalar qabuli joriy yil 10-mart sanasidan boshlanadi.